«Nega bu pullar kimlarningdir cho‘ntagiga tushmoqda?» - Prezident Qibrayda 3,5 mln dollarga yer sotilishi voqeasini esladi

O‘zbekiston 18:37 / 20.01.2022 23469

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat mulki obektlarini xususiylashtirish borasida 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektorda noqonuniy yer sotish holatlariga to‘xtaldi.

«Joylarda yerlarni auksionga chiqarish orqali joriy yilda bor-yo‘g‘i 400 milliard so‘m tushumni ta’minlash rejasi mutlaqo qoniqarsiz. 

Birgina misol: Toshkent viloyatida 14 gektar yer uchastkasi 3,5 million dollarga noqonuniy yo‘llar bilan sotilgani hamma rahbarlarni o‘ylantirishi kerak. Nimaga bu pullar davlatga emas, kimlarningdir cho‘ntagiga tushmoqda?

Tasavvur qiling, davlat qanchadan qancha pullarni yo‘qotmoqda! Bu pulga qancha maktab, qancha bog‘cha va yo‘l qurish mumkin edi. Nega shuni hokimlar o‘ylamaydi?

Vaholanki, ushbu viloyatda o‘tgan yil davomida yer uchastkalarini sotishdan atigi 18 milliard so‘m mablag‘ tushgan. Bu bozor narxida nari borsa 5-10 gektar yerning narxi», degan davlat rahbari.

2021 yil dekabrida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida Toshkent viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi hamda Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida ro‘yxatdan o‘tgan MChJning norasmiy egasi o‘zaro til biriktirib, Qibray tumani hududida joylashgan, mazkur MChJga tegishli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan 13,7 gektar unumdor yer maydonini xaridorga 3 mln 425 ming AQSh dollariga sotishga kelishgani, bu pulning 500 ming dollarini olish vaqtida jinoyatchilar qo‘lga olingani ma’lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: