Sirdaryoda raqqosalarga pul qistirgani videosi tarqalgach ishdan ketgan amaldorlardan biri lavozimiga qaytdi

O‘zbekiston 13:24 / 19.01.2022 11097

2021 yilning iyun oyida ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan videodan keyin Sirdaryo tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan olingan Nozim Muratov ikki oylik sinov muddati bilan ushbu lavozimga qayta tayinlangan.

Muratovni lavozimga tayinlash bo‘yicha qaror 2021 yil 30 dekabr kuni Sirdaryo tumani hokimi Botirjon Mirzaqulov tomonidan imzolangan.

2021 yil iyunida Sirdaryo tumanidagi restoranlardan birida raqqosalarga pul qistirayotgan mas’ullarning videosi tarqalgan edi. Keyinroq, ular Sirdaryo tumani hokimi yordamchisi Nurali Mirzayev, tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Muratov, tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Sirdaryo tumani inspeksiyasi bosh mutaxassis-davlat inspektori, «Suvoqova» davlat unitar korxonasi rahbari hamda Sirdaryo tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbarlari ekani ma’lum bo‘lgan.

Tumani hokimligi axborot xizmati voqea 2020 yil oktabr oyida bo‘lganini bildirgan. Hokimlikka ko‘ra, amaldorlar ishdan tashqari vaqtda boshqa fuqarolar singari restoranga ovqatlanish uchun borgan hamda o‘zlari o‘tirgan xonaga kirib qolgan raqqosalar chiqib ketishi uchun ularga pul qistirgan.

Shundan so‘ng, Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari Nurali Mirzayev va obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Muratov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Hodisaning boshqa ishtirokchilariga qanday choralar ko‘rilgani ma’lum qilinmagandi.

Ko‘proq yangiliklar: