Qoraqalpog‘istonda 238 nafar tibbiyot xodimining 1,5 mlrd so‘mlik pullari undirib berildi

O‘zbekiston 10:40 / 19.01.2022 1591

Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mehnat huquq inspektori aralashuvi bilan o‘tgan 2021 yilda sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari tomonidan qilingan murojaatlar asosida jami 238 nafar xodimning huquqlari tiklangan.

Ular foydasiga jami 1 milliard 515 million 720 ming so‘m miqdorida pul mablag‘lari undirilgan. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mehnat huquq inspektori Zulxander Dauletovning ta’kidlashicha, Chimboy tumani tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritib kelayotgan jami 168 nafar tibbiyot xodimiga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda ishtirok etgani uchun, ya’ni 2020 yil 20 avgustdan 24 noyabr kunlari davomidagi mehnatlari uchun rag‘batlantirish to‘lovlari amalga oshirilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 sentyabrdagi 583-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash obektlarida hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan xodimlarga maxsus rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari bo‘yicha koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar joylashgan muassasalarda faoliyat olib borayotgan tibbiyot va boshqa xodimlar hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalari xodimlariga ishlagan davri uchun ish yuklamalarini inobatga olgan holda ularning tarif stavkalariga 200 foiz miqdorida, shuningdek, anesteziolog-reanimatolog vrachlarga 1,2 koeffitsiyentga oshirilgan holda maxsus ustamalar to‘lab berilishi belgilangan.

2021 yil sentyabr oyidagi Chimboy tumanlararo sudi hal qiluv qaroriga asosan 168 nafar xodimga jami 1 milliard 477 million 766 ming so‘m miqdoridagi maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari to‘liq undirib berilgan. Undan tashqari, tibbiyot sohasida amalga oshirilmay kelinayotgan har xil to‘lovlar ham mehnat huquqi inspektori aralashuvi bilan hal qilingan. Jumladan, 2021 yil davomida 26 ta tashkilotga kiritilgan ko‘rsatmalar asosida xodimlar hisobiga jami 324 million 492 ming so‘m miqdoridagi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar to‘lab berilishi ta’minlangan.

Bundan oldin Xo‘jayli tumanida 3 nafar o‘qituvchining qariyb 125 mln so‘mlik ustama haqi undirib berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: