Qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ekspertlar reyestri shakllantiriladi

O‘zbekiston 07:40 / 19.01.2022 1593

Adliya vazirining “Qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ekspertlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ekspertlar reyestri ‒ Adliya vazirligi tomonidan yuritiladigan mustaqil va ilmiy ekspertlar haqidagi ma’lumotlar aks ettirilgan yagona ma’lumotlar bazasi.

Ekspertlar reyestrini yuritish, unga tegishli ma’lumotlarni kiritish Adliya vazirligining Tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Mustaqil va ilmiy ekspertlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning Ekspertlar reyestriga kiritilishi mustaqil va ilmiy ekspertlarning rasmiy tasdig‘i hisoblanadi hamda mustaqil va ilmiy ekspertlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ekspertlar reyestriga kiritish va bu haqida tegishli bildirishnoma berish orqali amalga oshiriladi.

Ekspertlar reyestrini yuritish mustaqil va ilmiy ekspertlarning faoliyatiga aralashmagan holda amalga oshiriladi. Mustaqil va ilmiy ekspertlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ekspertlar reyestriga kiritish uchun to‘lov undirilmaydi.

  • Mustaqil ekspertlarga quyidagi talablar qo‘yiladi: O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish; oliy ma’lumotga ega bo‘lish; mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik ish stajiga ega bo‘lish; korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida maxsus bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish;
  • Ilmiy ekspertlarga quyidagi talablar qo‘yiladi: O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish; oliy ma’lumotga ega bo‘lish; ilmiy tashkilot va (yoki) oliy ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan hamda mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik ish stajiga yoxud ilmiy darajaga va (yoki) ilmiy unvonga ega bo‘lish.

Quyidagilar mustaqil va ilmiy ekspert bo‘lishi mumkin emas:

  • davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda ishlayotgan shaxs;
  • muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lgan shaxs;
  • qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
  • o‘ziga nisbatan surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi yuritilayotgan shaxs.

Mustaqil va ilmiy ekspertning faoliyati tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: