Limon yetishtiruvchilarning xarajatlari subsidiya orqali qoplab beriladi

O‘zbekiston 12:56 / 19.01.2022 6434

“Muqobil energiya orqali ishlaydigan isitish tizimini joriy etgan limon yetishtiruvchilarni, shuningdek, yangi limonzorlarni barpo etish va ko‘chatlar xarid qilishni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Limon yetishtiradigan qishloq xo‘jaligi tashkilotlari xarid qilgan muqobil energiya (tabiiy gazga nisbatan) orqali ishlaydigan isitish qurilmalari qiymatining 30 foizgacha qismi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Qaror bilan tegishli nizom tasdiqlandi. Nizomga ko‘ra, talabgorlar (qishloq xo‘jaligi tashkilotlari) muqobil energiya qurilmasi o‘rnatilgan issiqxona ishga tushirilgandan so‘ng subsidiya olish uchun tuman komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Tuman komissiyasi murojaat kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida talabgor tomonidan o‘rnatilgan muqobil energiya qurilmalarini joyiga chiqqan holda o‘rganadi.

Talabgorlar komissiyaning ijobiy xulosasini olgach 5 kun ichida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga tegishli hujjatlarni taqdim qiladi.

Hujjatlar taqdim qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida agentlik ularni o‘rganib chiqib, kengash qarori qabul qilingan kundan boshlab 1 oy ichida subsidiya ajratadi yoki rad etilsa, bu haqda talabgorni xabardor qiladi.

Agentlik 5 yil mobaynida, har yil kamida bir marotaba shartnomada ko‘rsatilgan parametrlar va majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan monitoring olib boradi.

Qarorga ko‘ra yangi limonzorlar barpo etish va ko‘chatlar xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar har bir sotix uchun 300 ming so‘mgacha miqdorda subsidiya sifatida qoplab beriladi.

Subsidiya limonzorlar barpo etish ishlari yakunlanib, tuman ishchi komissiyasining ularni foydalanishga qabul qilish yuzasidan tasdiqlangan dalolatnomalari agentlikka taqdim etilgandan so‘ng 1 oy muddatda ajratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: