Turizm sub’yektlarining O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlari bir qismi qoplab beriladi

O‘zbekiston 07:48 / 18.01.2022 1896

Prezident tomonidan “Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi

Farmon prezidentning “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Turizm va sport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar turizm faoliyati sub’yektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda 10 AQSh dollari, qish mavsumida (20 noyabrdan 20 fevralgacha) esa 25 AQSh dollari miqdorida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

2022 yil 1 maydan boshlab yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat budjetidan Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan har bir tashabbuskorga 50 mln so‘m miqdorida, jami 10 mlrd so‘mgacha grantlar ajratiladi.

Tashabbuskorlarga ajratiladigan grant mablag‘lari: onlayn to‘lovlarni qabul qiluvchi zamonaviy veb-sayt yaratishga, xorijiy mamlakatlardagi turizm ko‘rgazma va yarmarkalarida ishtirok etishga yo‘naltiriladi; grant mablag‘lari belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga uch yil davomida kamida 200 nafar xorijiy turistlar uchun tur tashkil qilish sharti bilan ajratiladi.
 
Farmon bilan prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ko‘proq yangiliklar: