Mutaxassis koronavirusga chalingan homilador ayollar uyda muolaja olishi bo‘yicha tavsiyalar berdi

Jamiyat 14:00 / 18.01.2022 14276

SSV Respublika perinatal markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Nilufar O‘rinboyevaning shu haqdagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Hozirgi kunda kasallikning yangi shtammi yengil kechayotgani sababli unga chalingan homilador ayollar aksariyat hollarda uy sharoitida davolansa bo‘ladi. Bu vaziyatda xastalik ham ona, ham tug‘ilajak bola salomatligiga xavf tug‘dirmaydi.
 
Ularda yangi shtamm asosan simptomsiz va yengil shaklda kechmoqda. Bu holatda tana harorati 38,5 darajadan past, nafas yetishmovchiligi yo‘q, saturatsiya 94 foizdan yuqori bo‘lishi kuzatilyapti.

Ushbu vaziyatda oilaviy shifokor tomonidan bemorga uy sharoitida ambulator davo muolajalari tayinlanadi. Agar homiladorning tana harorati ko‘tarilsa, 3 kun davomida kuniga 4 marta paratsetamol tabletkasi berish mumkin.

Shuningdek:

  • 10 kun davomida sutkasiga 1 marta vitamin D - 5000Me;
  • 10 kun davomida sutkasiga 1 marta 100 mg.dan sink (rux) preparati;
  • 15 kun davomida sutkasiga 2 marta 2 500dan vitamin S qabul qilinadi, xolos.

«Davolanish paytida ko‘proq suyuqlik ichish, qo‘llarni tez-tez sovunli suv bilan yuvish hamda burun va tomoqni chayish, xonalarni shamollatib turish tavsiya etiladi. Uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan antibiotik va gormonlarni qabul qilish mutlaqo mumkin emas.

Agar koronavirusga chalingan homilador ayolning tana harorati kasallik davrida 38,5 darajadan tushmasa, nafas olishi tinch holatda ham tezlashsa va saturatsiya 93 foizdan past bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilinadi va bemor statsionar davolashga yo‘naltiriladi», deydi mutaxassis.

Ko‘proq yangiliklar: