Mahkumlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash me’yorlariga qo‘shimchalar kiritiladi

O‘zbekiston 07:59 / 18.01.2022 6357

Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar, tergov hibsxonalari va vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar, shuningdek, maxsus qabulxonalarda ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan shaxslarni oziq-ovqat bilan ta’minlash me’yorlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyihada Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar, tergov hibsxonalari va vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar, shuningdek, maxsus qabulxonalarda ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan shaxslarni oziq-ovqat bilan ta’minlash me’yorlari”ning 3- va 5-son me’yorlarining izoh qismiga qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Xususan, tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning tergov harakati yoki sud majlisidagi ishtirokini ta’minlash uchun amalga oshirilayotgan konvoy harakati davomida tergov hibsxonalari va vaqtincha saqlash hibsxonalari tomonidan ushbu muassasalar ichki tartib-qoidalarida belgilangan vaqtda konvoy qilinayotgan shaxslarni ovqatlantirish uchun konvoy xizmatlariga shaxs bilan birga ushbu me’yor bo‘yicha tayyorlangan oziq-ovqatlardan ovqat ajratiladi.

Maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslar haq to‘lanadigan mehnatga jalb etilgan taqdirda, maxsus qabulxonaning ichki tartib-qoidalarida ovqatlantirish belgilangan vaqtda maxsus qabulxona tomonidan ushbu me’yor bo‘yicha haq to‘lanadigan mehnatga jalb etilgan shaxslar mehnat qilayotgan joyida ovqatlanishlari ta’minlanishi bo‘yicha mexanizmlar belgilab beriladi.

Shuningdek, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan qamoqqa olingan shaxslar bir tergov hibsxonasidan boshqasiga etap qilinayotgan vaqtida yo‘lda bo‘lgan vaqtida 5-son me’yor asosida ovqat bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Bildirilishicha, loyiha IIV tergov hibsxonalari va vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning sud majlisi va tergov harakatlarida ishtirok etishini ta’minlash uchun amalga oshiriladigan konvoy tadbirlarida, shuningdek, maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarni haq to‘lanadigan mehnatga jalb qilish davomida ularni belgilangan me’yor asosidagi oziq-ovqat bilan ta’minlash mexanizmlarini belgilashga va amaliyotda tatbiq etilishiga xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: