Chorvachilikni rivojlantirishga 100 mln yevro ajratildi

O‘zbekiston 07:47 / 18.01.2022 7792

Prezident tomonidan “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida "Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

2021 yil 28 iyunda O‘zbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) o‘rtasida imzolangan bitimga asosan "Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish" loyihasini moliyalashtirish uchun 100 mln yevro miqdorida qarz ajratish nazarda tutilgan. Loyihani amalga oshirish muddati - 5 yil (2022-2026 yillar).

Loyihaning umumiy qiymati 147,07 mln yevro ekvivalentida bo‘lib, shundan: 100 mln yevro - FTAning qarzi; 29,96 mln yevro - Loyiha ishtirokchilari (benefitsiarlar)ning ulushi; 17,1 mln yevro (shu jumladan soliq va bojxona to‘lovlari shaklida mablag‘lar) - O‘zbekistonning ulushi.
 
Bojxona kodeksiga asosan O‘zbekistonning xalqaro shartnomalari bo‘yicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilingan.

Belgilanishicha: loyihani amalga oshirish doirasida FTA qarzi hisobidan xarid qilinadigan tovarlarni (ish, xizmatlarni) va maxsus transport vositalarini olib kirishda (sotib olishda) QQS tovarlarni (ish, xizmatlarni) olib kiruvchilar (import qiluvchilar, xizmatlarni sotib oluvchilar) tomonidan to‘lanadi; ushbu bojxona boji imtiyozlari natijasida bo‘shagan mablag‘lar hamda tovarlarni olib keluvchilar tomonidan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi O‘zbekistonning loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.
 
Loyiha dastlab Qoraqalpog‘istonda, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida amalga oshiriladi. Loyiha doirasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar 50 foizdan ziyod moliyalashtirilgandan so‘ng, respublikaning barcha viloyatlarida amalga oshiriladi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi loyihaning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi, uning muvofiqlashtirilishi va boshqarilishi, shuningdek, loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobot yuritilishi uchun mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi.

Kredit liniyasini boshqarish, FTAning qarzi o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish bo‘yicha monitoring va hisobotni yuritish funksiyalari loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklariga yuklanadi.

Qarz bitimi doirasida yuzaga kelgan barcha to‘lovlar loyihada ishtirok etuvchi banklar bilan qayta kreditlash bitimlari imzolangunga qadar davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi va qayta kreditlash bitimlari imzolanganidan so‘ng loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan ularga ajratilgan mablag‘lar miqdoriga mutanosib ravishda O‘zbekistonning respublika budjetiga qaytariladi.

Quyidagilar tasdiqlandi: "Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish" loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari; loyiha doirasida Fransiya taraqqiyot agentligining qarzini so‘ndirish, foiz va komissiya to‘lovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali; "Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi".

Ko‘proq yangiliklar: