«Tadbirkor ruchka sotib olib, suv sotmasligi uchun ham E-aktiv joriy qilindi» - Sherzod Qudbiyev

O‘zbekiston 12:16 / 17.01.2022 14691

Soliq ma’muriyatchiligidagi so‘nggi yangiliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida qo‘mita raisi Sherzod Qudbiyev e’tirozlarga sabab bo‘layotgan E-aktiv platformasi nega joriy qilinayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

«E-aktiv platformasi joriy qilinishidan asosiy maqsad mavjud mahsulotlar harakatini kuzatib borish. Masalan, ruchka sotib olib, suv sotish mumkin emas-ku. Mana shu holatlarning oldini olish uchun ham E-aktiv qilinyapti. Agar siz pechene ishlab chiqarsangiz va un sotib olsangiz, biz bunga aralashayotganimiz yo‘q. Birorta tadbirkorlar sub’yekti ayta olmaydi-ku, shu platforma sabab ishlab chiqarish to‘xtab qoldi deb. 24ta eng yirik soliq to‘lovchilari to‘liq E-aktiv’ni integratsiya qilib bo‘ldi. Aynan mana shu tizimlar orqali qora sxemalarga qarshi kurashyapmiz», dedi Qudbiyev.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 1 yanvardan QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan yuridik shaxslar asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari va tovar-moddiy resurslarini hisobga olish, o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni DSQning E-aktiv avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritishi majburiy qilingan.

Tadbirkorlar esa ushbu platformaga jiddiy e’tirozlar bildirishmoqda:

«Dastur juda primitiv, foydalanishga noqulay. Faqat 1S yoki 1UZ dasturi foydalanuvchilari integratsiya orqali yengilroq foydalanishlari mumkin. Saytga korrektirovka kiritish funksiyasi yo‘q. Onlayn fakturalarga yaxshi bog‘lanmagan. Xullas, kamchiliklari ko‘p bo‘lgan saytda ishlashni majburiy qilish – buxgalterlarni sarson qilishdan boshqa narsa emas. Bu texnik nosoz avtomobilni ko‘chaga haydashga majburlab chiqarishdek gap. Avariyaga uchrash yoki jarimaga tushish muqarrar!» deya ta’kidlagan Kun.uz’ga murojaat qilgan tadbirkorlardan biri.

Ko‘proq yangiliklar: