“Sohani rivojlantirish uchun” - DSQ raisi Artel va UzAirways kabilarga berilgan imtiyozlar haqida

O‘zbekiston 16:54 / 17.01.2022 38404

17 yanvar kuni Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Anjumanda Artel, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Uzbekistan Airways kabi yirik kompaniyalarga soliq imtiyozlari berilgani natijasida davlat budjetiga tushmayotgan mablag‘lar kimning yelkasiga tushayotgani, ular nega mol-mulk solig‘idan ozod qilingani va ularning balansida qancha mol-mulk borligi haqida savol berildi.

“Oxirgi savolga javob bermayman: balansida qancha mol-mulk borligi soliq siri bo‘ladi. Buni bilmayman ham, bilganimda ham javob bermasdim.

Kimning yelkasiga tushyapti, deganda savol noto‘g‘ri qo‘yilyapti. Hech kimning yelkasiga tushgani yo‘q. Davlat fiskal va moliya siyosati doirasida qaysidir sohalarni rivojlantirish uchun soliq imtiyozlarini beradi. Agar biz o‘sha soliq imtiyozlarini yashirib, e’lon qilmaganimizda, Soliq qo‘mitasiga aybdor sifatida qarashingiz mumkin edi. Biz hammasini ochiqchasiga e’lon qilyapmiz”, – dedi Qudbiyev.

DSQ raisi so‘zining davomida Anhor.uz saytida e’lon qilingan “2022 yilgi soliqlar haqida” nomli tanqidiy maqoladagi qator vajlarni inkor qildi.

“Mayli, soliqchi bo‘lmagandan keyin... Faqatgina iltimos qilardik, kelgusida agar so‘rasalaring o‘zimiz axborotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri beramiz.

Birinchidan, kimga soliq imtiyozi berilgan bo‘lsa, hammasini e’lon qilib boryapmiz.

Ikkinchidan, Moliya vazirligining barcha tuzilmalaridagi xodimlar jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod qilingani qayd etilgan, unday emas. Soliq kodeksida belgilanganidek, oxirgi ikki yildan beri hatto huquq-tartibot idoralari ham daromad solig‘i to‘layapti, kim qancha daromad soliq to‘lagani haqida aniq raqamlar bor.

Uchinchidan, yakuniy bo‘lmagan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilda 1 trln 190 mlrd so‘mlik tovar aylanmasi qayd etilgan, shundan 17 foizi nol darajadagi, 13 foizi esa imtiyozli tovar aylanmalaridir. Umumiy, soliqqa tortiladigan aylanma 833 trln so‘mni tashkil qilgan, shundan 125 trln QQS hisoblangan, 105 trln “zachet”ga hisoblangan. Soliq imtiyozlari ham bir muammo bo‘lishi mumkin, ammo biz uchun eng asosiy muammomiz – adolatli hisobot berilishini ta’minlashdir”, – dedi u.

Qo‘mita rahbari mol-mulk solig‘idan hech kim ozod bo‘lmasligini aytdi.

“Keyingi masala, mol-mulk solig‘idan ozod qilinganlar haqida. Aniq ayta olamanki, O‘zbekistonda hech kim mol-mulk va yer solig‘idan ozod bo‘lib qolmaydi. Ozod bo‘lganlar ham, belgilanganidek, 1 foizlik to‘lovlar to‘laydi”, – dedi Sherzod Qudbiyev.

Yuqoridagi savolni bergan Qalampir.uz jurnalisti javobdan qoniqmagani, Artel kabi korxonalarga berilayotgan imtiyozlarga izoh berilmaganini aytdi. “Odamlarimiz nega sizning savolingizga javob bermadi deb menga yozyapti: “Artel korxonalar tizimining shoxi bormi? Kimning yelkasiga tushishini nega aytmayapti?” Ya’ni xalqimiz sizdan to‘liq, batafsil javob kutyapti”, dedi u.

Sherzod Qudbiyev savolga javob bergani, imtiyozlar hech kimning yelkasiga salbiy oqibat bo‘lib tushmasligini bildirdi.

“Bu javobdan qoniqish-qoniqmaslik sizning ishingiz, albatta. Ikkinchidan, Yulduzxon, siz hali yosh qizchasiz, xalq nomidan gapirishga ikki xil toifa shaxslarda huquq bor. Siz xalq nomidan gapirolmaysiz, buni kelgusida hushyor bo‘lishingiz uchun aytmoqchiman: xalq nomidan faqat prezident va deputat gapiradi, chunki ular xalq tomonidan saylangan. Boshqa odam xalq nomidan gapirishga huquqiy jihatdan ham, boshqa tomondan ham haqqi yo‘q”, – dedi Qudbiyev.

Qo‘mita rahbari e’tirozlardan keyin agar gaplari qo‘pol ko‘ringan bo‘lsa, uzr so‘rashini bildirdi.

Masalaga moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov javob berishini bildirdi. Uning javoblari bilan yuqoridagi videoda tanishishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil boshlanishi bilan Soliq kodeksiga kiritilgan qator o‘zgarishlar tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: