San’at muzeyining yangi binosi loyihasi taqdim etildi

O‘zbekiston 20:01 / 17.01.2022 5681

17 yanvar kuni Toshkentda O‘zbekiston davlat san’at muzeyi yangi binosi loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Bino Xalqlar do‘stligi san’at saroyi, Abulqosim madrasasi va Milliy bog‘ o‘rtasidagi hududda barpo etiladi. Avvalroq bu yerdagi “Navro‘z” saroyi buzilgan edi.

Muzeyning me’moriy loyihasi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shug‘ullanyapti. Loyihaga mashhur arxitektor, “Pritsker” me’morchilik mukofoti sovrindori Tadao Andoning “Tadao Ando Architect & Associates” me’moriy byurosi jalb etilgan.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

Bosh loyihachi sifatida esa Germaniyaning “Atelier Brückner GmbH” me’moriy byurosi tanlangan.

O‘zbekiston davlat san’at muzeyining dizayn konsepsiyasi katta ekspozitsiya maydoni, muzey omborxonasi, ma’ruza xonasi, kutubxona, kafe, shuningdek, tomda joylashgan ayvon va bog‘ni o‘z ichiga oladi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

Rasmiy relizga ko‘ra, muzeyni loyihalash ishlari, muzey maydoniga bo‘lgan zamonaviy talab va texnologiyalardan foydalanishni inobatga olgan holda amalga oshirilmoqda.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

Taqdimot marosimida bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova, qurilish vaziri o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimov, “Atelier Brückner GmbH” arxitektura byurosi vakillari, shu jumladan, byuroning boshqaruvchi hamkori Eberxart Shlag, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilish direksiyasi va boshqalar ishtirok etdi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

Loyihaning to‘liq taqdimoti aprel oyida bo‘lib o‘tadi. Loyiha 2022-2023 yillarda amalga oshirilishi reja qilingan.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi
Ko‘proq yangiliklar: