Gulistonda giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir etuvchi tabletkalarni olib yurgan shaxslar ushlandi

O‘zbekiston 16:06 / 17.01.2022 5612

Guliston shahrida giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir etuvchi tabletkalarni olib yurgan shaxslar qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Sirdaryo viloyat IIB hamda Sirdaryo viloyati Bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari bilan hamkorlikda Guliston shahri hududida giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi tabletkalarning noqonuniy aylanuviga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Tadbirda, Guliston shahrida yashovchi Z.B. boshqaruvidagi Nexia to‘xtatilib, uning saloni va yukxonasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, mashinadan qog‘oz parchasiga o‘ralgan yashil rangli, o‘tkir hidli modda borligi, Z.B.ning yonidan 2 dona gugurt qutisiga va 2 dona qog‘oz parchalariga o‘ralgan, taxminan og‘irligi 6-7 gramm bo‘lgan, yashil rangli, o‘zidan o‘tkir hid taratuvchi, quruq holdagi marixuana giyohvandlik moddasiga o‘xshash moddalar topilgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Shuningdek, u 2 dona «Regapen 300 mg» nomli kuchli ta’sir qiluvchi tabletkalarni yo‘l chetidagi ariqqa uloqtirayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan to‘xtatilib, xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida olingan.

Bundan tashqari, Nexia’ning orqa o‘rindig‘ida kelayotgan Guliston shahrida yashovchi A.A. xolislar ishtirokida tekshirilganda uning yonidan jami 76 dona «Zardeks 300 mg» nomli kuchli ta’sir qiluvchi tabletkalar borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: