G‘allaorollik fermerning ko‘karib chiqqan arpasini buzib tashlash talab qilinmoqda: u qachon o‘z yerining egasiga aylanadi?

O‘zbekiston 12:23 / 17.01.2022 14550

Adirlik zonada joylashgan bu yerlar bir paytlar suvli yerlar bo‘lgan. Bu yerga yuqoridan quvurlarda suv kelgan. Biroq hozir fermer kanaldan 600 metr masofaga va 20 metr balandlikka nasos orqali suv ko‘tarib, yer sug‘oradi.

 

«Nasosni ishlatish uchun kuniga 70 ming so‘mlik tok «yoqaman». Hozir o‘g‘irlab ketmasliklari uchun elektr hisoblagich va nasoslarni yechib olganman. Mana bu kanaldan suv olganimda boshqa fermerlar ham monelik qilib turishadi», — deydi A.Haydarov bizni ko‘rsatmoqchi bo‘lgan dalasi tomon boshlar ekan.

«Yong‘oqzor ne’mati» fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoniga bordik. Yerning bir qismi shudgorlangan. Bir qismi esa shudgorlanmay, shundoq turibdi. Bir qismida yong‘oqzor tashkil etilgan. Ular shu yildan boshlab hosilga kirishi kutilmoqda. 3 gektarcha joyga arpa ekilgan va ular nish urib chiqqan.

«Uch yilcha avval yong‘oqzorni tashkil qilganimizda hali nasosim yo‘q edi. Pastda chelakda suv tashib chiqib sug‘organmiz. Bir imkon qilib nihollarni ko‘kartirib oldik, bu yildan hosil berishini kutib turibmiz», — deydi fermer.

Fermer o‘ziga tegishli dalaning bir qismiga arpa ekkan. Ana shu arpa bugungi kunda uning boshog‘rig‘iga aylangan. Arpa ko‘karib chiqqach, tuman qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari uni buzib tashlash talabini qo‘yishmoqda. Fermerni bu borada hattoki sudga berishgan.Fermerdan arpani nega ekkanini so‘raymiz:

— Bug‘doy ko‘p suv talab qiladi. Kamroq suv ichadi va ertaroq pishib yetiladi, deb arpa ekkandim. Qaramog‘imizda zotdor qoramollar ham bor. O‘shalarga yem bo‘lsin deb ekilgan.

— Qachon pishadi?

— May oyi oxirigacha pishib yetiladi. Undan keyin joyiga kechki kartoshka ekamiz.

— Agar arpa ekmaganingizda shu yer nima bo‘lardi?

— Yotardi-da shudgorlangan holatda. Men bu yer uchun soliq to‘layman. Pilla boqib, davlatga topshiraman. Nahotki o‘z xo‘jaligim uchun bekor turgan yerda ikkilamchi ekin sifatida nimadir ekib, ko‘kartirib olishim jinoyat bo‘lsa?! — deydi fermer.

Bizga ma’lum qilinishicha, ayni paytda G‘allaorol tumanida bor-yo‘g‘i 2000 gektar sug‘oriladigan yer maydonlari bor. Biroq sovet davridan buyon qog‘ozda tumanda 8 ming gektar sug‘oriladigan yer qayd etib kelinmoqda. Yerlarning 6 ming gektari aslida to‘yib suv ichmaydi. Ya’ni sug‘oriladi deyiladigan yerlarning katta qismi amalda lalmikor yerlarga aylanib bo‘lgan.

Anvar Haydarov yerlar yaxshi suv ichmagani uchun qotib ketgani, ularni kuzda traktorda haydab bo‘lmasligi haqida ham kuyinib gapirib berdi.

«Mana bu tomonga qarang. Haydalmay taqir bo‘lib yotibdi. Birov haydaganida bahona qilyapti, derdingiz. O‘zimning traktorim bor, o‘zim uch marta traktor soldim. Haydasa bo‘ladigan joylarini shudgorladim. Manavi tomonlarga plug botib qoldi. Yer suv ichmaganidan taqir bo‘lib qotib ketganidan-da, bu», — deydi fermer kuyinib.

Bir paytlar bu zaminda g‘allaning qattiq navlari lalmikor usulda yetishtirilgan va bu tuman nomiga ham ko‘chgan. G‘allaorol tumani yaqindan boshlab kartoshkachilik va gulchilikka ixtisoslashtirilgan. 2000 gektar yerda kartoshka yetishtirilishi belgilangan. Jumladan, Anvar Haydarov ham o‘ziga ajratilgan yerda kechki kartoshka ekishi kerak.

«Bahorda ekish uchun biroz kartoshka urug‘ berishadi. O‘zimizda ham bor. Mana, ekiladigan yerini haydab qo‘yganman. Arpaning joyiga esa kechki kartoshka yetishtirib berishni niyat qilgandim. Umuman, kartoshka yetishtirishda ham suv muammo bo‘ladi. Kanal yoqasidagi fermerlarning dalasini ko‘rdingiz. Ularda suv muammo bo‘lmaydi. Lekin talab ularga ham, bizga ham bir xil. E’tiroz qila ko‘rsang, rahbarlar «bajarolmasang yerni topshir»dan boshlashadi gapni, — deydi fermer.

Yerning ahvolini ko‘rib, bu yerda kartoshka yetishtirish juda qiyinligini chamalash qiyin emas. Aytilganidek, hali yozda suv muammosi ham bor.

Endi savol tug‘iladi: tuman hokimiyati fermerlarga nima ekishni buyursa va u ekiladigan narsa kutilgan hosilni bermasa, bunday ish yuritishdan foyda va manfaat bormi? Fermer kartoshka ekish mavsumigacha yetishtiriladigan arpani chorvasi uchun ishlatmoqchi. Nega unga to‘siq qo‘yilmoqda? Yer bekor yotgandan ko‘ra, undan unumli foydalangan yaxshi emasmi?

Qachongacha fermerga nima ekish buyuriladi va nazorat qilinadi?! Qachon fermer yerning chinakam egasiga aylanadi va o‘zi istagan va foyda qiladigan hosilni yetishtiradi? Qachon?

Darvoqe, biz bu masalada G‘allaorol tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosaridan tushuntirish olish uchun unga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olmadik. Balki tuman hokimligi axborot xizmati o‘z rasmiy munosabatida qo‘yilgan savollarga javob berib, vaziyatga oydinlik kiritar?

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Operator va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Ko‘proq yangiliklar: