OKMK: 2021 yilda birlashmada yangi tur mahsulotlari o‘zlashtirildi

O‘zbekiston 15:30 / 17.01.2022 3714

Jumladan, mehnat jamoasi oldiga o‘tgan yilda 188,9 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish vazifasi yuklatilgan edi. Marrani katta olgan mehnat jamoasining sa’y-harakatlari bilan o‘tgan yilda 377,5 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, reja 199,8 foizga bajarildi.

Tovar mahsulotlari ishlab chiqarish vazifasi esa 215,8 foizga uddalanganini alohida ta’kidlash joiz.

Kombinat ichki ehtiyojlari uchun esa 23,7 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Molibden 3 oksidi ishlab chiqarish rejasi ham o‘tgan yilda 128,6 foizga bajarilgan holda 115,3 foizlik o‘sish sur’ati ta’minlangan. 1281,6 tonna ushbu mahsulot ishlab chiqarilgan.

Bashorat ko‘rsatkichi bo‘yicha 656 tonna molibden shtabigi va briketi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda bu vazifa 812,5 tonnaga uddalandi. Reja 129,5 foiz, o‘sish sur’ati esa 110,6 foizga yetkazilgan.

Olovbardoshli keramik buyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha 838,3 tonnalik natija qayd etilgan. Reja 117,4 foiz, o‘sish sur’ati esa 118,6 foiz bo‘lgan.

Ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalangan holda 94,3 tonna molibden metali tayyorlandi. Reja esa 120,6 foizga uddalandi.

Yana bir muhim jihat - birlashma tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar asosan eksport qilinadi. Eksport yo‘nalishida ham yuqori samaradorlik kuzatildi. 2021 yilda 30,5 mln dollarlik mahsulot eksport qilinib, reja 250,4 foizga bajarilgani va o‘sish sur’ati 208,8 foizga yetkazilgani e’tirofga loyiq.

Birlashmada mahalliylashtirish dasturi ham samarali amalga oshirib kelinyapti. O‘tgan yilda dastur doirasida 32ta loyiha amalga oshirilib, reja 106,6 foizga bajarilgan va 60,3 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

2021 yil birlashma uchun omadli keldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kombinat olimlarining samarali izlanishlari natijasida birlashmada sof holatdagi(99,99 foizlik) reniy metali olinishiga muvaffaq bo‘lindi.

Shuningdek, o‘tgan yilda birlashmada diametri 3,0mm.dan 20,0 mm.gacha bo‘lgan qattiq qotishmali svyorla mahsulotini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Ushbu uskunadan po‘lat, toblangan po‘lat, zanglamaydigan po‘lat, cho‘yan, alyuminiy, mis, rangli, kompozit materiallar, issiqlikka chidamli qotishmalarni o‘yishda foydalaniladi.

Bundan tashqari, kombinat shaxtalarida yopishqoq monolitli porodalarida shpurlarni burg‘ilash uchun KNSh burg‘ilash koronkalarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bu uskunadan foydali qazilmalarni qazib olishda foydalaniladi.

O‘tgan yilda yana bir yangi mahsulot turini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Yakuniy uch tomon konussimon keskichi tozalash va lahm o‘tish kombaynlarining tutqich va unga qotirilgan armirlangan o‘rnatma yoki plastinali (qattiq qotishmali mahsulot) ish quroli sanaladi.

Lahm o‘tish kombayni- kombinatsiyalangan(ko‘p sohali) tog‘-konchilik mashinasi hisoblanib, bir vaqtning o‘zida foydali qazilmalar(mineral xom-ashyolar, tuzlar va boshqalar)ni parchalash va uni konveyerga yuklash operatsiyalarini ham bajarib boradi.

2022 yilda ham birlashma mehnat jamoasi oldiga yuksak marralarni qo‘ygan. Xususan, mis sanoati klasterini rivojlantirish doirasida birlashmada bir qator yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilmoqda.

Sherzod Tilovberdiyev, veb muharrir Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: