Xorijiy film kontrabandasi uchun o‘lim, tomosha qilganlik uchun qamoq – Shimoliy Koreya tashqi ta’sirga qarshi qanday kurashmoqda?

Jahon 14:00 / 16.01.2022 28830

O‘zi nima gap?

2015 yilda KXDR yetakchisi Kim Chen In o‘zgacha qarashlarni tiyib turish uchun xorijning taqiqlangan qo‘shiqlari yozilgan barcha kasseta va disklarni yo‘q qilishni buyurgan edi. Ajnabiy filmlarni tarqatish o‘lim jazosiga ham olib kelishi mumkin. Mamlakatda bor-yo‘g‘i uchta telekanal bo‘lib, ular orqali efirga uzatiladigan telemahsulot davlat tomonidan qat’iy nazoratga olingan.

Garchi qonunga zid bo‘lsa ham Shimoliy Koreyada ko‘pchilik Janubiy Koreya teledasturlari va filmlarini tomosha qilishadi Foto: BBC

New York Times gazetasining Janubiy Koreyadagi byurosi rahbari Choy Sang Xun Shimoliy Koreya tashviqotida ko‘p yillardan buyon Janubiy Koreyadagi hayot og‘irligi haqida gapirib kelinayotganini ta’kidlaydi. Ammo mamlakatga noqonuniy ravishda kirib boruvchi Janubiy Koreya filmlari va kliplari odamlar ongida sun’iy ravishda shakllantirilayotgan bu manzarani yo‘qqa chiqaradi.

Pandemiya vaqtidagi karantin choralari sharoitida shimolda janub filmlari ommalashgan. Shu sababli 2020 yilning dekabrida qabul qilingan qonun bilan kapitalistik mamlakatlar, ayniqsa, Janubiy Koreya va AQSh tele va kinomahsulotlarini tomosha qilish, ularga egalik qilish yoki tarqatish qat’iyan taqiqlanadi. Ushbu jinoyat ustida qo‘lgan tushganlar 5 yildan 15 yilgacha mehnat lagerlariga tashlanadi. Bunday materiallarni tarqatganlar esa o‘lim jazosi bilan jazolanishi ham mumkin.

Qonun qabul qilingach, yoshlarning kompyuterlari, telefonlari va musiqa pleyerlarida Janubiy Koreyaga tegishli kontent bor-yo‘qligini tekshirish boshlangan. 2021 yilda Xitoydan mamlakatga qaytgan talaba USB-fleshkada «Kalmar o‘yini» serialini ko‘paytirib sotgan. Kontrabandada ayblangan talaba otuvga, undan ushbu serialni sotib olgan maktab o‘quvchisi esa bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan bo‘lsa, serialni birgalikda tomosha qilgan 6 o‘quvchi 5 yil muddatga majburiy mehnatga yuborilgan. Bundan tashqari, taqiqlangan serialni tomosha qilgan o‘quvchilarning sinf rahbari, yoshlar yetakchisi hamda maktab direktori ishdan haydalgan, ular ham ko‘mir konlarida ishlashga majburlanishi yoxud chekka qishloqlarda o‘qituvchilik qilishga yuborilishi mumkin.

Mamlakatning Yanggang provinsiyasida yashovchi 14 yoshli o‘smir «Hech qayerdan kelgan odam» (2010 yil, Janubiy Koreya) filmini tomosha qilganidan so‘ng hibsga olingan. U kinokartinaning atigi 5 daqiqasini ko‘ra olganiga qaramay, 14 yil muddatga majburiy mehnatga mahkum etilgan. Janubiy Koreyaning Daily NK nashri o‘quvchining ota-onasi ham javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida yozgan.

O‘tgan yildan beri Shimoliy Koreya hukumati siyosiy mahbuslar uchun uchta yangi lager ochgan. Ushbu lagerlarda rejim «reaksion fikrlash» deb ataydigan narsalarni, jumladan, xorijiy teledasturlar yoki filmlarni tomosha qilishni, xorijda ishlab chiqarilgan mobil telefondan foydalanishni taqiqlovchi qonunni buzganlikda aybdor deb topilganlar saqlanadi. Jazo muddatini o‘tayotganlarning ayrimlari oilalari bilan qamoqqa tashlangan.

Izolyatsiyadagi davlat

Shimoldan qochgan, hozirda Seulda yashovchi Yon Misoning hikoya qilishicha, yangi qonun qabul qilingunga qadar ham xorij filmini ko‘rish taqiqda bo‘lgan, bunga amal qilmaganlar esa ayovsiz jazolangan. 11 yoshdaligida u yashagan dahada bir erkak kontrabanda orqali olib kelingan Janubiy Koreya filmini tomosha qilayotganida qo‘lga olinib, qatl etilgan.

«Men buni hech qachon unutmayman. Uning ko‘zlari bog‘langan, matoli bog‘ich ko‘z yoshlardan nam bo‘lib ketgandi. Erkakni simyog‘och ustuniga bog‘lab, so‘ngra otib tashlashdi», deya ayolning so‘zlaridan iqtibos keltiradi BBC.

Ma’lum bo‘lishicha, taqiq faqat filmlar yoki teleko‘rsatuvlargagina taalluqli emas. Balki xorijda chop etilgan kitobni o‘qish, chet elda ishlab chiqarilgan kiyimni kiyish, hattoki, so‘zlashuvda ajnabiy jargonlarni ishlatish, noan’anaviy soch turmaklarini qildirish ham ta’qib qilinadi.

Kim Chen IR ajnabiy so‘zlar, soch turmagi va modani ham «saraton o‘smasi» deb ataydi. Foto: EPA

Seulda joylashgan Daily NK internet nashri shimoldagi manbalariga tayanib, sochini Janubiy Koreyaning pop yulduzlaridek qirqtirgani va to‘pig‘i ochiq kalta shim kiygani uchun uch nafar o‘smir qayta tarbiyalash lageriga jo‘natilgani haqida xabar bergan. Biroq bu ma’lumotning qanchalik to‘g‘riligini tekshirishning imkoni yo‘q.

Tahlilchilarga ko‘ra, Kim Chen In o‘z fuqarolarini tashqaridan keluvchi axborot oqimidan ajratib qo‘yishni istaydi. Chunki KXDRda hayot borgan sari og‘irlashib bormoqda, millionlab odamlar ochlikdan aziyat chekishi aytiladi. Mamlakat yetakchisi aholi faqat davlat tashviqoti bilan oziqlanishini va Osiyoning eng boy shaharlaridan biri bo‘lgan Seulda odamlar qanday yashayotganini ko‘rmasliklarini istaydi.

Shimoliy Koreya hozir har qachongidan ham ko‘ra dunyodan uzilib qolgan. O‘tgan yili pandemiya tufayli davlat chegaralari yopilgan, natijada Xitoy bilan muhim savdo aloqalari to‘xtab qolgandi. Bugunga kelib ayrim yuklarni tashish qayta tiklanayotgan bo‘lsa-da, import jarayoni hamon qattiq cheklov ta’sirida.

O‘z-o‘zini izolyatsiya qilish, bundan tashqari, Kim Chen Inning yadroviy rejalarini amalga oshirish yo‘lida sarflanayotgan ulkan resurslar shundoq ham zaif bo‘lgan iqtisodiyotga putur yetkazmoqda. KXDRning oliy rahnamosi 2021 yil avvalida xalqi barcha davrlardagi eng og‘ir vaziyatga duch kelganini tan olgandi.

«Xodim uchun ish beruvchi, bola uchun ota-ona jazolanadi»

Janubiy Koreyaning Daily NK internet nashri 2020 yilda qabul qilingan qonun matnini qo‘lga kiritgan. Nashr bosh muharriri Li San Yon BBC’da qonunda nimalar borligini so‘zlar bergan

«Qonunda yozilishicha, agar ishchi jinoyat ustida qo‘lga olinsa, korxona rahbari jazolanadi. Qonunbuzar bola bo‘lsa, uning ota-onasi jazoga tortiladi. Shimoliy Koreyada uzoq vaqtdan beri amalda bo‘lgan «hamma hammani kuzatadi» tamoyili yangi qonunda yanada tajovuzkor qiyofa kasb etgan. Maqsad: yoshlar janubdagi hayot lazzatlarini hatto orzu ham qilmasligiga erishish. Siyosiy rejim mas’ullari boshqa mamlakatlar madaniyati bilan tanishish norozilik kayfiyatini keltirib chiqarishi mumkin, degan xulosada», deya ta’kidlaydi Li Sang Yon.

O‘tgan yili shimoldan qochishga muvaffaq bo‘lgan sanoqli kishilardan biri Chu Chjonxun KXDRda turmush tarzi qanchalik og‘irlashib boraversa, qonun-qoidalar va jazolar ham shunchalik qiyinlashib borishini ta’kidlaydi.

«Agar Janubiy Koreya filmini to‘q qorinda ko‘rsangiz, bu sizga shunchaki madaniy hordiq beradi. Lekin qorningiz och bo‘lsa-yu, og‘zingizga soladigan narsa topolmasangiz, bunday vaziyatda qanday qilib norozi bo‘lmaysiz?» deydi u.

Xorijiy dasturlarni tomosha qilish uchun ba’zi uylarda televizorlar avtomobil akkumulyatorlariga ulangan Foto: BBC

The Times’ning qayd etishicha, o‘ta qattiq senzura va kuchli nazorat mavjudligiga qaramay, KXDRda Janubiy Koreya tele va kinomahsulotlarini yashirincha olib kiruvchi butun boshli sanoat mavjud. Shuning uchun ham mamlakat aholisi orasida bunday kontentni tomosha qiluvchilar talaygina.

Fleshkalarga joylangan xorij filmlari KXDRga Xitoydan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi. Hajmi kichik bo‘lgani uchun ularni yashirish oson, qolaversa, fleshkalar parol bilan himoyalangan bo‘ladi.

«Agar uch marta noto‘g‘ri parol kiritilsa, flesh-disk ichidagi ma’lumot avtomatik ravishda o‘chiriladi. Agar ma’lumot yoki film o‘ta xavfli bo‘lsa, flesh-diskni bitta noto‘g‘ri parol kiritilgandan keyin undagi ma’lumot o‘chib ketadigan qilib sozlash mumkin», deydi Chu Chjonxun.

«Osmonga zinapoya» – taxminan 20 yil oldin ishlangan Janubiy Koreyaning mashhur komediyasi Foto: SBS

Yon Miso qo‘shnilari chet el filmlarini tomosha qilish uchun aql bovar qilmaydigan nayranglarni o‘ylab topganini eslaydi.

«Bir kuni ular qayerdandir mashina akkumulyatorini olib, televizorni quvvatlantirish uchun uni generatorga ulashdi. Keyin ular Janubiy Koreyaning «Osmon sari narvon» dramasini tomosha qilishdi», deydi u.

Dastlab o‘gay onasining yovuzligi, so‘ngra saraton kasalligiga qarshi kurashgan qiz haqidagi bu romantik hikoya yigirma yil avval Shimoliy Koreyada mashhur bo‘lgan.

Qatag‘onning boshlanishi

Fleshkalar paydo bo‘lishidan avval xorijiy filmlar Xitoyda ishlab chiqarilgan arzon CD va DVD disklar orqali tarqalgan. Tez orada bu holatni rasmiylar ham ilg‘ab qolishadi va bunday turdagi disklar ommaviy ravishda musodara etilib, yo‘q qilina boshlaydi.

2009 yilda Pxenyanda yashovchi 16 yoshli Kim Guem-hyok videomahsulotlar kontrabandasiga qarshi kurash uchun maxsus organ tomonidan qo‘lga olinadi. U do‘stiga otasi Xitoydan olib kelgan Janubiy Koreya pop musiqasining DVD disklarini bergani uchun u voyaga yetmaganiga qaramay qattiq kaltaklanadi va to‘rt kun davomida uxlashiga ruxsat berilmaydi.

Kimning oilasi mahalliy elitaga mansub bo‘lgani qo‘l kelib, uning otasi qo‘yib yuboriladi. Ayni paytda vaziyat ancha keskinlashgani bois jazodan bu tariqa oson qutulish deyarli imkonsiz.

«Avval bunday harakat uchun javobgarlik ancha yengil edi. Ko‘rilgan video ikki soatdan ko‘proq bo‘lsa, uch yil yoki undan ko‘proq muddatga «kesilgan». Hozir esa qamoqlardagi yosh mahkumlarning yarmidan ko‘pi xorijiy videolarni ko‘rgani uchun jazo muddatlarini o‘tashmoqda. Bu – juda katta muammo», deydi Chu Chjonxun.

Shimollik qochoqning fikricha, bir yoki ikkita xorijiy film o‘nlab yillar davomida olib borilgan targ‘ibot ta’sirini yo‘qqa chiqarishi qiyin. Biroq busiz ham Shimoliy Koreyada yashovchi aksariyat fuqarolar davlat televideniyesi matbuoti orqali singdirilayotgan targ‘ibotning butkul haqiqat ekanligiga shubha qilishadi.

«Odamlar ichida norozilik bor, lekin uni kimga qarshi yo‘naltirish va nima qilish kerakligini bilishmaydi. Buni ko‘rish og‘ir. Kimdir ularni uyg‘otishi va ma’rifatli qilishi kerak», deya ta’kidlaydi Chu Chjonxun.

Jamshid Niyozov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: