Qashqadaryoda Nexia «Kamaz» tirkamasi ostiga kirib ketdi. Ikki kishi vafot etdi

O‘zbekiston 19:06 / 14.01.2022 10975

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida Nexia «Kamaz» yuk mashinasining tirkamasi ostiga kirib ketgan. Oqibatda, ikki kishi vafot etgan, bir kishi shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 11 yanvar kuni soat 5:30 larda 4R-89 Qarshi-Nishon-Tolimarjon avtomobil yo‘lining Nishon tumani Ko‘ksoy mahallasi hududidan o‘tgan 35-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Qarshi-Nishon yo‘nalishida harakatlanib borayotgan Nexia mashinasi o‘zidan oldinda yo‘lning o‘ng tomonidan harakatlanib chiqqan «Kamaz» yuk mashinasining tirkamasiga borib urilib, uning ostiga kirib ketgan.

Oqibatda Nexia mashinasi haydovchisi va yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, vafot etadi. Yana bir yo‘lovchi esa og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisa yuzasidan Nishon tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Joriy yil 8 yanvar kuni Dehqonobodda Surxondaryo viloyatida yashovchi haydovchi boshqaruvidagi Cobalt mashinasi chuqurlikka ag‘darilishi oqibatida ikki kishi vafot etgan, yana uch kishi shifoxonaga yotqizilgandi.

Shuningdek, 1 yanvar kuni tez harakatlangan Cobalt mashinasi beton to‘siqqa urilib, 5 kishi vafot etgandi.

 

Ko‘proq yangiliklar: