Askarlik mashaqqati - muxbirning armiyada o‘tgan bir kuni

O‘zbekiston 20:28 / 14.01.2022 8391

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi – maydoni jihatidan O‘zbekistondagi eng kattasi. Okrug Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini o‘zida birlashtirgan.

Biz Nukusdagi harbiy qismda askarlarning bir kunlik mashaqqatiga guvoh bo‘ldik. Harbiy qismga kirishimiz bilan bizga maxsus askar ust-boshlari berildi. Undan keyin maxsus guruhga qo‘shilib, safda yurish mashqlarini bajardik. Ochig‘i, shu kunning o‘zida saf mashqlarini to‘liq qila olmadik.

Harbiy qismga yaqinda 11 ta harbiy “Kamaz”lar berilgan ekan. Biz harbiy texnika bilan tanishib, uni mustaqil boshqarib ko‘rdik. Harbiy “Kamaz”lar qulayligi va jangovar holati bilan e’tiborimizni tortdi.

Shundan keyin muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar bilan birga tushlik qildik. Dasturxon atrofida askarlar bilan suhbatlashdik.

Tushlikdan keyin askarlikning eng og‘ir jarayonlari boshlandi. Dala o‘quv mashg‘ulotlarida qo‘limizga qurol olib, salkam 10 oylik askar bilan bellashib ko‘rdik.

Dastlab shartli dushman hududiga bostirib kirish boshlandi. Bunda eng qiyini – to‘siqlardan, murakkab balandlik va yerto‘ladan o‘tildi.

Keyinroq bilsak, bu hali hammasi emas ekan. Bizga shaxsiy tarkibni portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan, minalashtirilgan hududdan olib o‘tish topshirig‘i berildi. Sapyorlarning maxsus kiyim va qurilmasida dushman hududida joylashgan portlovchi qurilmalar zararsizlantirildi.

Undan keyin zararli kimyoviy moddalar, radiatsiya darajasi yuqori bo‘lgan hududdan ham shaxsiy tarkibni olib o‘tish kerakligi aytildi.

Kun yakuniga kelib, maxsus vizuallashtirilgan xonada o‘q otish mashqlari boshlandi. Jarayonni avtomatni sochish va yig‘ishdan boshladik. Ta’kidlash joiz, bu mashqlarda bir kunlik askar boshqa askarlar bilan tengma-teng harakat qildi.

Bir kunlik xizmatni tugatib, ortga qaytganimizda ancha charchaganimizni his qildik. Butun tanamizni og‘riq qurshab oldi. Askar bo‘lishning mashaqqati, qiyinchiliklari ko‘p ekan. Bir kun davomida Vatan himoyachisi kasbi qanchalik og‘irligiga amin bo‘ldik.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

  • Videomaqola Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Ko‘proq yangiliklar: