Qashqadaryoda gaz ballon o‘rnatilgan Cobalt uyda turgan paytda portlab ketdi

Jamiyat 15:35 / 13.01.2022 33970

Murojaatchi Mansur Sharifovning ma’lum qilishicha, 2021 yil 3 noyabr kuni Qarshi shahrida joylashgan «OOO Shosh Nasaf Gaz Servis» korxonasida bir yil avval sotib olingan Cobalt mashinasiga siqilgan gaz uskunalarini qo‘ydirgan.

Korxona o‘zi o‘rnatgan gaz balloniga kafolat bergan. Jumladan, korxona tomonidan haydovchiga berilgan dalolatnomada gaz ballonining sozligi, undan foydalanish muddati 15 yil ekani, keyingi sinov 2022 yil 11 noyabrda o‘tkazilishi lozimligi qayd etilgan.

Oradan bir oy o‘tib, 2021 yil 4 dekabr kuni Cobalt mashinasi Mansur Sharifovning darvozaxonasida turgan paytda uning gaz balloni o‘zidan o‘zi portlab ketgan. Hodisa oqibatida mashina butunlay yaroqsiz holga kelgan. Shuningdek, xonadonga ham qisman zarar yetgan. Mansur Sharifov va uning oila a’zolari xona ichida bo‘lgani uchun hech kim tan jarohati olmagan.

«O‘sha kuni to‘yga borishim kerak edi, o‘g‘lim mashinani yuvdirib kelib darvozaxonaga qo‘ydi. Oradan biroz o‘tib, xonadan chiqayotganimda kuchli portlash sodir bo‘ldi. Mashinaning gaz balloni portlaganini bildim va xayolimga birinchi o‘g‘lim keldi. Amallab borib mashinaga qarasam, o‘g‘lim u yerda emas ekan», deydi Mansur Sharifov.

Uning aytishicha portlash haqida xabar topgan tuman IIB YHXB xodimlari kelgan va turli qog‘ozlarni to‘ldirib unga va o‘g‘liga qo‘l qo‘ydirib olgan. Hodisadan bir kun o‘tib u avval mashinani sug‘urta qilgan kompaniya vakillarining oldiga borgan. Ular bunday hodisalar uchun sug‘urta kompaniyasi pul to‘lab bermasligini aytgan.

«YHXB xodimi turli qog‘ozlarni to‘ldirganda xayolimiz joyida emasdi. Shu sababli u o‘zi nimalar deb yozdi, men qachon qo‘l qo‘ydim, eslay olmayman. Hodisa sodir bo‘lganiga 1 oydan oshdi. Ammo mashinamga gaz ballon o‘rnatgan korxona bilan hech kim qiziqmayapti. Prokuratura, IIB murojaatlarimni e’tiborsiz qoldirmoqda. Axir hodisa tufayli odam o‘lishi mumkin edi. Qolaversa, gaz ballonni o‘rnatgan korxona sifatsiz bajarilgan ish uchun javobgar qilinmaydimi? Ertaga bu ish boshqalar bilan sodir bo‘lishi mumkin-ku!», deydi Mansur Sharifov.

Muborak tumani IIB boshlig‘i tomonidan 2021 yil 29 dekabr kuni chiqarilgan qarorda haqiqatdan M.Sharifovga tegishli Cobalt mashinasi darvozaxonasida turgan paytda uning gaz balloni o‘zidan o‘zi portlab ketgani haqida yozilgan. Faqat qarorda biron bir shaxsning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilishi ma’lum qilingan.

M.Sharifov hozirgi kunda advokat olish va o‘ziga yetkazilgan zararni qoplatish uchun Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish uchun ham mablag‘ topa olmayapti. Qolaversa, sudga murojaat qilgani bilan YHXB xodimlari to‘ldirgan qog‘ozlar va ekspertiza xulosasini o‘zining ziddiga foydalanishlari mumkinligidan xavotirda.

Kun.uz mazkur murojaat yuzasidan Qashqadaryo viloyatidagi tegishli tashkilotlardan izoh kutib qoladi.

G‘ayrat Yo‘ldoshev, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: