Adliya vazirligiga 30 yil: Malikovdan Davletovgacha

O‘zbekiston 10:05 / 11.01.2022 32114

O‘zbekiston prezidentining 1992 yil 8 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-314-sonli tarixiy farmoni bilan mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga asos solingan.

To‘g‘ri, mustaqillikdan oldin ham Adliya vazirligi bo‘lgan. Lekin 1992 yilda qayta tashkil etilgani tufayli vazirlik o‘z “tug‘ilgan kun”ini 1992 yil 8 yanvar deb biladi.

Foto: Adliya vazirligi
Foto: Adliya vazirligi

Roppa-rosa 30 yoshga to‘lgan Adliya vazirligi ushbu davr mobaynida O‘zbekiston qonunchiligining drayveri vazifasini o‘tadi, deb bemalol aytishimiz mumkin. Chunki ayni shu dargohda minglab qonun, qaror va farmonlarning “zuvalasi qorilgan”. Zero, vazirlikning eng asosiy vazifasi yagona davlat huquqiy siyosatini yuritish va norma ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish hisoblanadi.

30 yillik tarixida vazirlikni jami 10 nafar vazir boshqarishga ulgurdi.

Quyida ushbu vazirlarni birma-bir ko‘rib o‘tamiz.

Muhammad-Bobur Malikov

Muhammad-Bobur Malikov / Foto: YouTube

1991–1993 yillarda adliya vaziri bo‘lgan Muhammad-Bobur Malikov 1948 yil 2 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ona (Xayriniso aya) tomondan Yo‘ldosh Oxunboboyevning nabirasi hisoblanadi.

Faoliyatini asosan sud tizimida olib borgan Muhammad-Bobur Malikov 1989 yilda O‘zbekiston SSR Oliy sudi raisi va bir vaqtning o‘zida SSSR Oliy sudining a’zosi sifatida ish boshlaydi.

Muhammad-Bobur Malikov mustaqil O‘zbekistonning ilk adliya vaziri bo‘lish bilan birga 1993 yilda O‘zbekistonning AQShdagi ilk elchisi hisoblanadi.

Muhammad-Bobur Malikov oilasi bilan Oq uyda AQSh prezidenti Bill Klinton huzurida, 1993 yil / Foto: BBC

1993 yilning oxirigacha elchi bo‘lib ishlagan Muhammad-Bobur Malikov shundan keyin ham oilasi bilan AQShda yashab qolgan.

Alisher Mardiyev

Alisher Mardiyev / Foto: Adliya vazirligi

1951 yil 17 avgustda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Alisher Mardiyev 1993–1995 yillarda adliya vaziri bo‘lgan.

Mehnat faoliyatini Paxtachi tumani prokurorining yordamchisi lavozimida boshlagan. Vazirlikdan tashqari Samarqand viloyati hokimi, viloyat sudi raisi, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i kabi yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan. Hozirda pensiyada.

Keyinchalik adliya vaziri bo‘lgan Muzraf Ikromov Alisher Mardiyev haqida shunday degan: “Talabalikni yakunlaganimdan keyin meni adliya ostonasiga olib kelgan inson Alisher aka bo‘ladi. Bu inson yoshlarga katta ishonch bildirar edi. Juda talabchan, biroq o‘ta mehribon inson. Hech qachon o‘rgatishdan charchamagan”.

Sirojiddin Mirsafoyev

Sirojiddin Mirsafoyev / Foto: Adliya vazirligi

Sirojiddin Mirsafoyev 1949 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Ish faoliyatini 1966 yilda Samarqand shahridagi 3-sonli yuridik maslahatxona kotibligidan boshlagan. Vazirlikkacha bosh prokuror o‘rinbosari (1985–1989), Prezident devoni bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari (1989–1992), bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari (1992–1995), prezident davlat maslahatchisi (1995) lavozimlarida ishlagan.

Vazirlikka 1995 yildan 2000 yilgacha rahbarlik qilgan Sirojiddin Mirsafoyev kamida 5 yil ishlagan kam sonli adliya vazirlaridan biri bo‘lib qoldi. Adliya tizimidagilarning ma’lumot berishicha, Sirojiddin Mirsafoyev ayni damda hayot emas (vafot etgan sanasini aniqlay olmadik).

Abdusamad Polvonzoda

Abdusamad Polvonzoda / Foto: Adliya vazirligi

Abdusamad Polvonzoda ham Sirojiddin Mirsafoyevdek 5 yil (2000-2005) adliya vaziri bo‘lgan.

1949 yil 17 yanvarda Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1975-1990 yillarda prokuratura tizimida ishlagan. 1990–2000 yillarda Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari va mustaqillikka erishish arafasida Oliy sud raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Sobiq vazir ayni damda pensiyada.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u rahbarlik qilgan davrda vazirlikning asosiy e’tibori tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini qat’iy himoya qilishga qaratilgan. Jumladan, noqonuniy tekshiruvlarga barham berish uchun tadbirkorlik sub’yektlarning huquqlarini himoya qilish tizimi va mexanizmi yaratilib, mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan har qanday qonun buzilishi holati yuzasidan Adliya vazirligiga maxsus xabarnoma yuborish tartibi joriy etilgan.

Bo‘ritosh Mustafoyev

Bo‘ritosh Mustafoyev

1949 yil 2 yanvarda Xatirchi tumanida tavallud topgan.

Adliya vazirlari ro‘yxatida 2005-2006 yillarda tizimga rahbarlik qilgan Bo‘ritosh Mustafoyevni eng nomdor shaxs desak, mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Sababi, u huquqshunoslar orzu qiladigan sud-huquq sohasidagi deyarli barcha yuksak lavozimlarda faoliyat yuritgan. Bosh prokuror, prezident davlat maslahatchisi o‘rinbosari, adliya vaziri, Konstitutsiyaviy sud raisi, Markaziy saylov komissiyasi raisi, Oliy sud raisi lavozimlari shular jumlasidan.

Bo‘ritosh Mustafoyev mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk bosh prokuror (1990-1998) ham hisoblanadi. Shuningdek, u adliya vaziri va bosh prokuror lavozimlarida ishlagan 2 shaxsning biri sifatida alohida e’tiborga molik.

Foto: Bo‘ritosh Mustafoyev – O‘zbekiston tarixidagi ilk bosh prokuror (1990-1998)

2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylanib, umrining oxirigacha shu lavozimda mehnat qilib keldi.

U 2017 yil 12 aprel kuni 68 yoshida og‘ir xastalikdan vafot etdi.

56 yoshida vazirlikka tayinlangan Bo‘ritosh Mustafoyev bu lavozimga eng kech tayinlangan vazir sifatida tarixda qoldi.

Foziljon Otaxonov

Foziljon Otaxonov / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Foziljon Otaxonov 1959 yil 18 aprelda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan.

U 2006 yil dekabrdan 2007 yil dekabrgacha adliya vaziri bo‘lgan.

Shuningdek, u faoliyati davomida Toshkent shahar xo‘jalik sudi raisi, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro savdo arbitraj (hakamlik) sudi raisi, prezident davlat maslahatchisi kabi qator lavozimlarda ishlagan.

2019 yilda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Rahimjon Hakimov TDYuU rektorligiga ketgach, bir necha oy bo‘sh qolib ketgan lavozimga 2020 yilda Foziljon Otaxonov tayinlandi va bugungi kungacha ushbu lavozimda ishlab kelmoqda.

Ayrim manbalarda Foziljon Otaxonovning adliya vaziri sifatida ishlagan paytlarida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazishni lotin yozuvida olib borishga harakat qilgani aytiladi.

Ravshan Muhiddinov

Ravshan Muhiddinov / Foto: Kun.uz

1963 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Ravshan Muhiddinov Adliya vazirligini 2007–2011 yillarda boshqargan.

Turli yillarda Prezident devoni mas’ul xodimi (1998-2000, 2005-2006), Jizzax viloyati prokurori (2000-2005), bosh prokuror o‘rinbosari (2006-2007) lavozimlarida ishlagan.

2011 yil iyunida vazir lavozimidan olinib, prezidentning huquq-tartibot idoralari faoliyatini muvofiqlashtirishga javobgar davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlanadi. Shu yilning o‘zida Toshkent viloyati prokurori etib tayinlanadi va bu uning karerasidagi so‘nggi “baland zina” bo‘lib qoladi...

Ravshan Muhiddinovni qolgan adliya vazirlaridan ajratib turuvchi jihat – bu uning bir necha sobiq bosh prokurorlar kabi jinoiy javobgarlikka tortilganidir. U 2011 yilda davlat maslahatchisi lavozimida ishlab turgan chog‘ida bir qator jinoyatlarda gumon qilinib, lavozimidan bo‘shatiladi va 2012 yilda jinoiy javobgarlikka tortiladi. U Jinoyat kodeksining jami 10ta moddasi (pora olish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqalar) bo‘yicha aybdor deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Sobiq vazir 2018 yilda muddatidan avval ozodlikka chiqadi.

Muhiddinov sobiq MXX va o‘sha davrdagi Bosh prokuratura tizimiga qarshi kurashgani uchun panjara ortiga jo‘natilgan, degan gap-so‘zlar ham yuradi.

Ushbu vazir davrida esda qolarli voqea sifatida qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (Lex.uz)dan bepul foydalanish boshlanganini ko‘rsatish mumkin.

Olgan ma’lumotlarimizga ko‘ra, Ravshan Muhiddinov ayni damda “Davr bank” yuridik xizmatida faoliyat yuritmoqda.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev

Nig‘matilla Yo‘ldoshev / Foto: Kun.uz

Bo‘ritosh Mustafoyevdan keyin ham adliya vaziri, ham bosh prokuror bo‘lishga musharraf bo‘lgan yana bir huquqshunos – Nig‘matilla Yo‘ldoshevdir.

U 1962 yil 5 noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini tergovchilikdan boshlab, prokuratura tizimida rahbar lavozimlarigacha ko‘tariladi. Xususan, 2006-2008 yillarda Soliq va valutaga oid jinoyatlar, noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti rahbari, 2008-2011 yillarda bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarida ishlaydi.

2011 yil 21 iyundan adliya vaziri lavozimiga tayinlanadi va ushbu lavozimda 2015 yil yanvarigacha ishlaydi.

2015 yil 22 yanvardan Senat raisi sifatida ish boshlaydi. 2019 yilning 20 iyun kuni bosh prokuror etib tayinlanadi va hozirgacha ushbu lavozimda faoliyat yuritmoqda.

Muzraf Ikromov

Muzraf Ikromov / Foto: Gazeta.uz

Muzraf Ikromov 1973 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Mehnat faoliyatini 1995 yilda Adliya vazirligida boshlab, turli yillarda Vazirlar Mahkamasi, Prezident devonida faoliyat yuritgan.

2015 yilning fevralidan 2017 yilning avgustigacha adliya vaziri lavozimida ish yuritadi.

2017 yilning avgustidan 2019 yil martigacha huquqshunoslar uchun noodatiy bo‘lgan Hisob palatasi raisi lavozimida ishlaydi. Shundan so‘ng, Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlanadi.

2020 yil 25 maydagi prezident qarori bilan Adliya vazirligiga vazir o‘rinbosari sifatida qaytdi.

Muzraf Ikromov adliya vazirlari orasida vazirlik lavozimidan ketib, keyinchalik ushbu idoraga qaytgani bilan ajralib turadi.

Ruslanbek Davletov

Ruslanbek Davletov / Foto: Kun.uz

2017 yil 14 avgustdan hozirgacha adliya vaziri bo‘lib kelayotgan Ruslanbek Davletov 1980 yil Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan.

Mehnat faoliyatini 2001 yilda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida boshlagan. 2004−2012 yillarda Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda, 2012−2014 yillarda Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha Tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, direktor vazifasini bajaruvchisi, 2014−2016 yillarda Prezident devoni shu’ba mudiri, 2016-2017 yillarda adliya vazirining birinchi o‘rinbosari, 2017 yil 4 yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Ruslanbek Davletov adliya vazirlari ro‘yxatida bir necha jihatlar bilan ajralib turadi. Vazirlikka tayinlangan eng yosh (37 yoshda) kadr ekani, huquqshunoslik bilan birga iqtisodchi mutaxassisligiga egaligi (2007 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan), xorijiy OTMlarda tahsil olgani (Buyuk Britaniyaning Varvik, AQShning Vebster universitetlarini tamomlagan) shular jumlasidan.

Shuningdek, adliya tizimini isloh qilish, xalqqa yaqinlashtirish, tizimda byurokratiya va korrupsiyani bartaraf qilish, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishda yangi tizim joriy etilishi bo‘yicha ko‘plab ishlar olib borilishi ham ayni shu vazir davriga to‘g‘ri keldi. Keng dunyoqarash va bilimga ega vazirga bugungi kunda jamoatchilikning hurmati ham bo‘lakcha. So‘nggi yillarda vazirlikning jamoatchilikka o‘zini ochiq tutishi ham bunga sabablardan biri bo‘lsa ajab emas.

Abbos Salaydinov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: