Maosh qachon barakali bo‘ladi? - qadriyatlarga asoslangan karera va biznes haqida suhbat

Jamiyat 13:43 / 10.01.2022 14152

Islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis, tadbirkor Kozimxon To‘rayev Kun.uz bilan suhbatda shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Jamiyatda tadbirkor bo‘lmaganlar insonlar ham juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ularning daromadlari odatda tadbirkorlarniki kabi o‘sib bormaydi. Oylik ish haqi, pensiya yoki stipendiya oluvchilar, uning barakali bo‘lishi uchun nima qilishlari kerak?

— “Eng yaxshi rizq – inson o‘z qo‘li bilan ishlab topgan rizq”, deyiladi hadislarda. Bu nima kasbda bo‘lishidan qat’i nazar, insonga juda katta motivatsiya berishi kerak.

Ikkinchisi, Payg‘ambarimiz alayhissalom biror ishni qilsangiz, mukammal, chiroyli qiling, degan. Katta kompaniyalar xodimlar samaradorligini oshirish uchun juda katta mablag‘lar sarflaydi. Yaponiyada, masalan, farroshdan tortib direktorgacha o‘z ishiga mehr berib to‘laligicha qiladi. Shuning uchun, rivojlanish va baraka bor.

Yana bir muhim masala bor. Oylik daromad olayotganlar o‘z ishi barakali bo‘lishi uchun unga yolg‘on aralashtirmasligi kerak. Ba’zilar bor, ishda xo‘jayin bor vaqtida qattiq ishlaydi-da, boshliq ketgach telefon o‘ynab yoki vaqtini boshqa narsaga sarflab o‘tiradi. Vaholanki, kompaniya bu xodimning ishdagi barcha vaqti uchun pul to‘lagan va bunga shartnoma imzolangan. Shu sababli xodim topayotganlarida baraka bo‘lishi uchun qo‘lidan kelganicha kelishuv bo‘yicha o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarni ado etishi kerak bo‘ladi.

Yana bir masala. Ba’zida xodimlarga ish maqsadida ishlatish uchun mashina, kompyuter yoki telefon berilishi mumkin. Agar xodimlarga bu kabi narsalar faqat ishxona uchun foydalanishga berilgan bo‘lsa, uni shaxsiy maqsadlarda ishlatishi noto‘g‘ri. Bu yolg‘on va birovning haqiga kirish bo‘lib, topayotgan pulidan barakasining uchishi omili bo‘lib qolishi mumkin.

Bu narsa dunyoviy tomondan ham foyda. Halol va to‘g‘ri ishlaydigan xodimlarni rahbarlar “ko‘ra olishadi” va bu uning tezroq ko‘tarilishi, mehnatlari munosib baholanishiga yordam beradi.

To‘liq suhbat bilan yuqoridagi videoda tanishing. Suhbat davomida, shuningdek, musulmon kishining pulga munosabati, biznesni boshlashda niyat, baraka omillari, qarz olish, ehson qilishga doir masalalar hamda rizq va harakatning bog‘liqligiga doir mulohazalar berilgan.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Nido.

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.

Ko‘proq yangiliklar: