Xohlaganda yonadi, xohlaganda o‘chadi: Oqdaryodagi tadbirkorlar beqaror elektr bilan ishlashga mahkummi?

Jamiyat 18:26 / 06.01.2022 9338

Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Oqdaryoda bo‘lib, tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Oqdaryo tumanidagi kichik sanoat zonasiga 27 dekabr, dushanba kuni soat 12:40 larda yetib bordik. Ma’lum bo‘lishicha, shu kunning o‘zida biz borgunimizga qadar sanoat zonada ikki marta elektr energiyasida uzilish kuzatilgan. Tadbirkorlar bu odatiy holat ekanini yashirib o‘tirishmadi.

“Amonov mebel tekstil” oilaviy korxonasi bolalar uchun har xil turdagi tekstil mahsulotlari, plastmas va yumshoq o‘yinchoqlar, bolalar mebellari ishlab chiqaradi. Korxona ish boshqaruvchisi Dagar Shukurov biz bilan muloqotda yarim kun davomida kami yetti marta tuman va viloyat elektr tarmoqlaridagi mas’ullarga telefon qilganini bildirdi. Ammo e’tibor ham, natija ham yo‘q.

Shukurov korxona faoliyati bilan tanishtirar ekan, sanoat hududida o‘ziga yarasha qulayliklar bo‘lishi, tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanishidan umid qilishganini bildirdi. Korxona rahbari – yosh tadbirkor, shu sabab o‘tgan yili yoz oylarida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ham mazkur korxona faoliyati bilan tanishtirilgan. “Qizig‘i, agentlik rahbari kelgan vaqtda ham elektr o‘chgandi”, deydi u. Ammo Sa’dullayevning qo‘ng‘iroqlari ham, korxona faoliyati bilan tanishuvi ham hech qanday naf keltirmagan.

Mazkur korxonada ellikka yaqin yigit-qizlar ish bilan ta’minlangan bo‘lib, elektr energiyasi o‘chgan vaqtda ularning aksariyati ishsiz qoladi. Xodimlar ish hajmi emas, ish vaqti bilan maosh oladi, tabiiyki, chiroq o‘chishi – ish beruvchining cho‘ntagiga zarar. Ya’ni ish unumdorligi pasayadi va yo‘qotilgan vaqt uchun ham mablag‘ sarflanadi. Kamiga ogohlantirishsiz “lip-lip”lar texnikalarning tez-tez buzilishiga sabab bo‘lyapti.

“Hakim Bobo Grand” MChJ eshik-rom ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Mazkur korxonada ham ellikka yaqin oqdaryolik yigit-qizlar ishlayapti. Jamiyat rahbari Bahodir Karimovning aytishicha, o‘rtacha kuniga 2-3 soat elektr o‘chadi. Ish kuni sakkiz soatdan iborat. Bu degani ellikka yaqin xodimlar kunlik 25 foiz ishini bajara olmaydi.

Karimov ham olingan buyurtmalar kechikib ketayotgani, texnikalar tez-tez ishdan chiqayotganini ma’lum qildi. Umuman, aholi qancha vaqt “svet”siz bo‘lsa, ushbu sanoat zona ham xuddi shunday, asosiy faoliyati elektr bilan bo‘lgan tadbirkorlarning ishi to‘xtayapti.

Darvoqe, Bahodir Karimov ushbu loyiha quvvati 400 ming AQSh dollari ekanini aytmoqda. Tadbirkor o‘sha mablag‘ni deyarli ishga tikib bo‘lgan. Hali u foyda olish haqida o‘ylamayapti. Endi oyoqqa turishi kerak bo‘lgan korxona hozircha elektr bilan bog‘liq muammolardan qutula olgani yo‘q.

“Cho‘loq” tadbirkorlar iqtisodiyot drayveri bo‘lolmaydi

Tadbirkor sanoat zonada faoliyat boshlar ekan, samarali ish olib borishi uchun qulayliklar bo‘lishidan umid qiladi. Muammolar bilan kurashish emas, yangilik yaratish, qamrovini kengaytirish maqsadida bo‘ladi. Ammo Dahbed massividagi kichik sanoat zonasi tadbirkorlari deyarli har kuni elektrchilarga yalinishiga to‘g‘ri kelyapti.

Umuman, nega elektrni o‘chirishda ogohlantirish berilmayotgani yoki sanoat hududlari uchun elektr energisi yetkazib berish tartibini bilish maqsadida “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJda bo‘ldik. Vaziyat bo‘yicha korxona texnik direktori Sunnat Shomurodov bizga ma’lumot berdi.

Shomurodovning aytishicha, Oqdaryodagi kichik sanoat zonasiga, aytaylik, o‘nta tadbirkorlik sub’yekti uchun alohida podstansiya tortib borish ketadigan mablag‘ni oqlamaydi. Bir necha milliard so‘mga alohida podstansiya o‘rnatgan taqdirda ham, yuqoridan uzilish bo‘lgan taqdirda buning foydasi yo‘q.

Sunnat Shomurodov ogohlantirishsiz o‘chirib-yoqishlarga izoh berarkan, o‘zlarini ham ogohlantirishmayotganini aytdi.

“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ “Milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yetkazib berilgan manbani aholiga yetkazib beradi. Shomurodovga ko‘ra, “Milliy elektr tarmoqlari” AJ agar elektr bersa, aholiga uzatiladi. Qizig‘i, hududiy korxonaning o‘zi ham nari borsa 10-15 daqiqa avval yuqoridagi tashkilotning dispetcherlik xizmati orqali elektr uzilishidan ogohlantirilar ekan. Demak, aholini ogohlantirish haqida gap-so‘z ham bo‘lishi mumkin emas.

“Aytishlaricha, viloyatimiz hokimi Erkinjon Turdimov bosh vazirdan iltimos qilibdi. “Svet”ni o‘chirmaslik bo‘yicha topshiriq berilibdi, endi o‘chmaydi deyishibdi”, deya qo‘shimcha qildi texnik direktor Sunnat Shomurodov.

Shu o‘rinda “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ direktori G‘anisher Mamatqulovdan “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev va “Milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulovga; viloyat hokimi Erkinjon Turdimov nomidan energetika vaziri Alisher Sultonovga chiqarilgan xatlar e’tiborimizni tortdi.

Bu xatlarning barchasida viloyat iste’moli yildan yilga ortib borayotgani, elektr energiyasining asossiz uzilishlari aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani aytilgan.

Kichik bir xulosa: tadbirkorlar, so‘nggi yillarda tashkil qilinayotgan sanoat zonalarini mamlakat iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi kuch – drayver deb atayapmiz. Lekin o‘sha drayver ishlab ketishi uchun tadbirkorlikning qon tomiri bo‘lgan elektr energiyasini yetkazib berish hali tartibga olinmayapti. Elektr bo‘lmasa, tadbirkorni boshda ko‘tarib yurganimiz bilan ham u ishlolmaydi, rivojlanolmaydi, drayver bo‘lolmaydi.

Muammo “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” mansabdori aytganidek, bosh vazir ko‘rsatmasi yoki viloyat hokimining aralashuvidan keyin hal bo‘lib qolgani yo‘q. Chunki Oqdaryodagi kichik sanoat zonasida 4 yanvar kuni deyarli kuni bilan tok bo‘lmagan, 5-6 yanvar kunlari yuz bergan uzilishlar ham to‘laqonli ishlash imkonini bermadi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: