Akademik Saydiahrol To‘xtayev vafot etdi

Jamiyat 20:17 / 04.01.2022 10302

Kimyo-texnologiya sohasidagi yirik olim, Fanlar akademiyasi akademigi Saydiahrol To‘xtayev 3 yanvar kuni 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Sayriahrol To‘xtayev 1942 yil 1 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1963 yili Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, mehnat faoliyatini Respublika azot sanoati davlat institutining Chirchiq filialida (hozirgi «O‘zkimyosanoatloyiha» aksiyadorlik jamiyati) muhandis-texnolog sifatida boshlagan.

Keyinchalik Fanlar akademiyasi Kimyo instituti aspiranturasida tahsil olgan. Dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2000 yilda akademik etib saylangan.

Marhum qariyb 60 yillik ilmiy pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Kimyo institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, O‘g‘itlar institutida laboratoriya mudiri, bo‘lim boshlig‘i, Umumiy va noorganik kimyo institutida laboratoriya mudiri, loyiha rahbari va bosh ilmiy xodim lavozimlarida samarali mehnat qilib, yurtimizda noorganik kimyo sohasining rivojiga, shu yo‘nalishda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shgan.

Akademik Saydiahrol To‘xtayevning mamlakat ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari munosib taqdirlangan. U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator» faxriy unvoni va «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan.

Mazkur o‘lim munosabati bilan hukumat rahbariyati, xususan, Shavkat Mirziyoyev, Tanzila Norboyeva, Abdulla Aripov ta’ziya bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: