Mansabdorning poraxo‘rligi haqida tasdiqlanmagan xabar tarqatgani uchun qamoqqa olingan ijtimoiy tarmoq faoli ozodlikka chiqarildi

Jamiyat 23:19 / 31.12.2021 17561

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Ruslan Xairnurov 17 dekabr kuni fuqaro Facebook’dagi “Xalq nazorati”, “Novosti Samarkanda” nomli guruhlar va “O‘zbekiston ovozi/Golos Uzbekistana” kanalida joylagan postida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyazov Samarqand viloyatida bosh shifokorlik lavozimiga ishga tayinlash uchun noma’lum shaxsdan 80 ming dollar olgani, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi haqida yolg‘on xabar tarqatgan.

Shundan so‘ng Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan blogerga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a, g” bandlari (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Samarqand viloyat bo‘limining ma’lum qilishicha, 31 dekabr kuni Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya tartibida fuqaro Rustam Xairnurovga sirtdan qamoqqa olish bo‘yicha birinchi instansiya ajrimini bekor qilgan va ayblanuvchi “uy qamog‘i”ga o‘tkazilgan.

“Sudyalar J.Botirov, F.Raxmanov va B.Jumabayevlarning apellyatsiya tartibida qabul qilgan ajrimida birinchi instansiya sudi sudyasi Ilhom Ergashev tomonidan “JPKning 242-moddasi talabini buzgan holda R.Xairnurov tomonidan sodir etilgan jinoyat ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turiga kirishligini va ayblanayotgan modda sanksiyasida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llab xatolikka yo‘l qo‘ygan” degan xulosaga kelingan.

Bundan tarqari apellyatsiya sudi “ish materiallarida ayblanuvchi R.Xairnurov tergovdan yashiringanligini tasdiqlovchi biron bir hujjatlar mavjud emas”ligini ham tan oldi.  Shu bilan birga ayblanuvchi maqomidagi fuqaro Ruslan Xairnurovga uy qamog‘idagi tergov muddatida:

- muayyan shaxslar bilan aloqada bo‘lmaslik;

- har qanday aloqa vositalaridan foydalanmaslik va ular yordamida so‘zlashuvlar olib bormaslik;

- internet tarmog‘idan foydalanmaslik majburiyatlari ham yuklatilgan”, deyiladi “Ezgulik” jamiyati tomonidan e’lon qilingan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 28 dekabr kuni viloyat SSB mazkur masalada matbuot anjumani o‘tkazgan, unda ishtirok etgan Davronbek Jumaniyozov ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarlar tuhmat ekanini va tuhmatchilar tegishli jazosini olishini ta’kidlagandi.

“Albatta, bu tuhmat. Bosh vrachlarni men tayinlamayman. Viloyatdagi respublika ilmiy markazlar filiallari boshliqlari vazirlik tomonidan tayinlanadi. TTB boshliqlari esa Argos tizimi orqali tanlov qilib olinadi va men ishga olinish haqidagi buyruqqa imzo chekaman xolos.

Meni og‘ir jinoyat sodir etganlikda ayblab, yolg‘on axborot tarqatgan blogerlarning barchasi ustidan tegishli organlarga arz qilganmiz. Ularga nisbatan surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, – degandi Davronbek Jumaniyozov.

Ko‘proq yangiliklar: