Hal etilgan aholi muammolari: Kun.uz Andijon jamoasining 2021 yil sarhisobi

Jamiyat 15:15 / 31.12.2021 7966

Doimgidek, to‘rt fasl ichi vodiy kezib, voqea-hodisalarni berib borishga, murojaatlar ortidan aholi muammolarini yoritib, mas’ullarga yetkazishga, og‘ir holdagi bemorlarga xayriya aksiyalari orqali ko‘maklashishga urindik. Aholi murojaatlarini o‘rganish davomida joylardagi muammolarni Kun.uz minbari orqali mutasaddilarga yetkazish asosiy maqsadimiz bo‘ldi. Shukrki, maqolalarimiz keng ommaga taqdim qilingach, ularning aksar qismi ijobiy yechim topdi.

Yil boshida Shahrixonsoy ustiga qurilgan 55 yillik alvastiko‘prik o‘rniga yangi ko‘prik so‘rab murojaat qilgan Fayziobod mahallasi oqsoqollari bilan uchrashgan edik. Mazkur muammoga shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi e’tibor qaratib, qiynalayotgan aholi uchun ko‘prik qurib berildi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Aholi shu ko‘prikdan yayrab o‘tyapti. Fayziobod aholisi xursand, qo‘li duoda. Muhtaram prezidentimizning nazari tushib, milliard-milliard so‘m pulga katta zamonaviy ko‘prik qurdirib berdi. Yengil mashina ham, yuk mashinasi ham bemalol o‘tadi”, – deydi mahalla oqsoqoli Abdumannob ota Ismonov.

“Jamoat transportiga muhtoj Andijon. Talabalarni qiynayotgan muammoga yechim bormi?” sarlavhali maqolamizda Andijon shahridagi OTMlar talabalarining o‘qishga qatnashi uchun shahar ichidagi yo‘lkira narxi qimmatligi sabablarini o‘rgangan edik. Talabalar “Damas”larda qatnash qimmatligi sabab, mutasaddilardan avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yishni so‘rashgan edi. Ho‘sh, maqoladan so‘ng o‘zgarish bo‘ldimi?

 

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

“Oxirgi ikki yil davomida Andijon shahridagi talabalar nomidan jamoat transporti so‘rab, juda ko‘p tashkilotlarga murojaat qildim. Samara bermadi. Kun.uz saytiga arz qilishga majbur bo‘ldik. Shundan so‘ng holat o‘zgardi. Avtobuslar olib kelindi. Talabalar oliygohlarga qatnaydigan 75-yo‘nalishga 12 ta, 394-yo‘nalishga 20ta, 222-yo‘nalishga 20 ta, 14-yo‘nalishga 10 ta zamonaviy avtobuslar qo‘yildi”, – deydi Andijon davlat universiteti talabasi Dildora Olimjonova.

Senat raisi Tanzila Norboyevaga “Oxirgi umidim sizdan...” deya murojaat qilgan qirg‘izistonlik onaning arzi yodingizdadir. Andijonga kelin bo‘lib tushgan Shoiraxon Egamova 30 yildan buyon fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomida yashayotgani, pasporti yo‘qligi uchun 10 yildan beri bor-yo‘g‘i 100 km narida, Qirg‘izistonda yashovchi keksa onasini ko‘rgani bora olmayotgani haqidagi materialimiz qahramoni bilan ham uchrashdik.

Foto: Kun.uz

“Birinchi marta O‘zbekiston fuqarosi sifatida yangi pasportim bilan uchastkaga borib saylovda qatnashdim. So‘zga chiqdim. Menga hamma qarsak chaldi. Sizlar kelib ketganinglardan so‘ng 15 kunga qolmay pasport berishgach, onamni ko‘rgani bordim. Quvonchimning cheki yo‘q bo‘lsa-da, rosa yig‘labman. Onamni xursand bo‘lganini ko‘rsangiz edi”, – deydi Shoiraxon Egamova.

“O‘tin yoqsakmi yoki gaz ballon?” – Andijon markazidagi “dom”da yashovchilar bu qishni ham gazsiz o‘tkazishdan xavotirda” nomli tanqidiy maqolamizga Andijon viloyat mutasaddilari tez fursatlarda munosabat bildirdi. O‘rikzor mahallasidagi 3-kichik daha 40, 21, 21 “A” va 44-uylardagi tabiiy gaz ta’minoti muammosi ijobiy yakun topdi va hududga 800 metr yangi gaz quvuri tortilib, elektr tarmog‘i ta’mirlandi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

“Andijon shahar “Hududgaz” korxonasi xodimlari kelib quvurlarni tortishdi, xonadonimizdagi gaz plitasida gaz yonyapti. Bundan tashqari, uylarimizning fasadlarini ham ta’mirlab berishdi. Tanqidga o‘z vaqtida munosabat bildirgan viloyat hokimiga rahmat aytaman. Uylarimizga issiq kirdi”, – deydi Hanifa Rahimova.

Jalaquduq tumanining Oybuloq mahallasi vakillari ularning hududiga hokim oyog‘i hech yetmayotani, mahalla muammolar ichida qolganini aytib murojaat qilishgandi. Elektr kuchlanishi 110 voltga yetmaydigan, ichimlik suvini “kachalka”da tortib ichayotgan mahallaning kamchiliklari ikki hafta ichida yechimini topdi.

 

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Izboskanda koronavirusdan vafot etgan vrachning oilasiga bir yildan beri prezident qarorida aytilgan pul to‘lab berilmayotgani haqidagi maqolamiz muhokamalarga sabab bo‘ldi. Chiqishimizdan so‘ng sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari uch bolasi bilan boquvchisiz qolgan ayolga 250 million so‘m bir martalik to‘lov pulini to‘lab bergani bizni ham quvontirdi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

“Odamlar bizni tinglamay xulosa chiqaryapti” — oilali ayolni zo‘rlaganlikda ayblanayotgan besh erkak” nomli maqolamiz qahramonlari tomonidan berilgan intervyu oxir-oqibat o‘z isbotini topdi.

Mana shunday ijobiy yakun topgan murojaatlar bo‘yicha ko‘plab misollarni keltirishimiz mumkin. Namangan shahrining Hamroh ko‘chasida ko‘p qavatli uylar qurilishi sabab “snos”ga uchragan qator fuqarolar muammolarining yechim topishi, Xonobod shahar hokimligi tomonidan Andijon davlat universiteti talabalarining ko‘chalarni bezashda berilmagan haqlari undirilgani shular jumlasidan.

Yil davomida, shuningdek, joylardan qiziqarli maqolalar, o‘tkazilgan bayramlar va turli sport musobaqalaridan baholi qudrat foto va videoreportajlar tayyorlab, keng ommaga taqdim qilib borishga intildik. Vodiy tabiati, tarixi, ayniqsa samimiy va tadbirkor insonlari bilan tanishtiruvchi materiallar ham berib bordik.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Biz yangi yilda ham vodiy viloyatlaridagi voqea-hodisalarni xolis, tezkor yoritishda davom etamiz.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Ko‘proq yangiliklar: