«Shahar bedarvozami?» - Nega Farg‘onada aholining asabiga o‘ynab, maktab yaqinida metan zapravka qurilmoqda?

Jamiyat 16:53 / 29.12.2021 18743

Kun.uz muxbiri hududda bo‘lib vaziyatni o‘rgandi, mahalla vakillari va maktab o‘qituvchilari bilan suhbatlashib, ularning e’tiroziga quloq tutdi.

Mavluda Ergasheva, o‘qituvchi
Foto: Kun.uz

«Maktabimizda 1100 nafar o‘quvchi o‘qiydi. O‘quvchilar hayoti uchun maktab hududi bilan bitta devorda metan zapravkasi qurilishi xavfli. Chunki qurilayotgan shoxobchaning shunday orqa tomonida bolalar basketbol o‘ynaydi.

Me’yoriga ko‘ra, bunday xavfli obekt bilan ijtimoiy obekt orasidagi masofa kamida 500 metr bo‘lishi kerak. Ustiga ustak, aholi bu yerda zich joylashgan. Bu yerda zapravka ochilsa, qatorlashib mashinalar navbatda tursa, bularning hammasi o‘quvchilar uchun ham, aholi uchun ham noqulaylik tug‘diradi», — deydi o‘qituvchi Mavluda Ergasheva.

Foto: Kun.uz
Shirinxon Abdullayeva. Mahalla fuqarosi
Foto: Kun.uz

«Shu mahallada 50 yildan beri yashayman. Farzandlarim shu maktabda o‘qib nevarali bo‘ldi. Endi esa bu maskanda chevaralarim o‘qiyapti. Metan zapravka qurilishiga biz qarshimiz. Maktab yonida, aholi uylari orasida zapravka bo‘lishi mumkin emas.

Foto: Kun.uz

Qurilayotgan zapravka o‘rnida avval hammom bo‘lardi. Hammom yo‘qolib ketgach, bu joy qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Mayli, bu yerga boshqa inshoot qurilsin, biz qarshi emasmiz. Lekin aynan metan zapravka qurilishiga qarshimiz», — deydi mahalla faoli.

Abduvahob Qambarov
Foto: Kun.uz

«Mahalla o‘rtasiga, qolaversa, maktabning shundoq yon tomonida zapravka qurilishini biz mahalla fuqarolari tushunmay qoldik. Tadbirkor qanday qilib bu yerga zapravka qurish uchun ruxsat oldi? Qurmasin emas, qursin! Aholi yashash joyidan tashqarida qursin. Bo‘sh joylar qancha?» — deydi shu mahallada yashovchi Abduvahob Qambarov.

Yana bir mahalla faolining aytishicha, mashina gavjum bo‘lib o‘tadigan yo‘lning eni o‘zi bor-yo‘g‘i 6–7 metr. Boz ustiga, maktab oldida svetofor ham yo‘q.

Sobirxon Sultonov
Foto: Kun.uz

«Boshqa metan zapravkalarda mashinalar portlab ketganini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p ko‘rganmiz. Zapravka umuman boshqa hududga qurilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Qurilayotgan joy maktabga ham, xonadonlarga ham yaqin joylashgan.

Foto: Kun.uz
Maktab bilan qurilayotgan zapravka o‘rtasidagi devor
Foto: Kun.uz
Maktab bilan qurilayotgan zapravka o‘rtasidagi devor
Foto: Kun.uz

Qurilish ishlari boshlanganiga 20 kun bo‘ldi. Qurilish bo‘layotgan joyga kirib, bu yerda qanday qurilish qilyapsizlar deb so‘rasak, «Chiq bu yerdan, metan zapravka qurilayotgani yo‘q», deyishyapti. Lekin metan zapravkasi qurilayotgani aniq-ku?! Hokimiyatgacha borib keldik. Quruvchining qo‘lida joyni sotib olgani haqida hujjatdan tashqari zapravka qurilishi uchun ruxsat beruvchi boshqa bir hujjat yo‘q», — deydi Sobirxon Sultonov.

Muhsinjon Sotvoldiyev bu hudud avval nima bo‘lgani, qanday qilib qo‘ldan qo‘lga o‘tgani haqida so‘zlab berdi.

Muhsinjon Sotvoldiyev
Foto: Kun.uz

«Zapravka qurilayotgan joy ilgari kolxoz yeri bo‘lgan. Kolxoz yo‘qolib shirkat xo‘jaligi bo‘ldi. 2007 yilda shirkat xo‘jaligi tugatildi. Shundan keyin bog‘lar, kolxoz mulklari va barcha asosiy vositalar baholanib kim oshdi savdoga qo‘yilgan. Bu yerda avval hammom va klub bo‘lgan. O‘sha paytda bu binoning bahosi baland bo‘lgani uchun sotilmagandi.

Foto: Kun.uz

Keyin esa bu joy, adashmasam, bir odamga sotildi. Undan keyin qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Qurilish qilayotgan shaxslar qaysi hujjatga asosan, kim orqali bu yerni sotib oldi? «Zapravka» qurish uchun qo‘llarida hujjat bormi?» — deydi Muhsinjon Sotvoldiyev.

Muhammadjon Abdusamadov
Foto: Kun.uz

«Tadbirkordan iltimos qilar edik. Maktab oldiga metan zapravka qurishmasin. Biz qurayotganlarga murojaat qilib shuni ma’lum qilamizki, maktabda kichkintoylar, jajji o‘quvchilar o‘qishadi. Zapravkani maktab va aholi yashash hududidan chekkaroqda qurishsin. Biz shundagina tadbirkorni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lar edik», — deydi Muhammadjon Abdusamatov.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Farg‘ona tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Teshajonov bilan telefon orqali muloqot qildik. Mas’ul ham qurilish ishlari noqonuniy ravishda amalga oshirilganini ta’kidladi.

«O‘sha hududda metan zapravkasi qurilayotganidan kuni kecha xabardor bo‘ldim. Hududga borsam, haqiqatan ham qurilish bo‘layotgan ekan. Qurilish qilayotgan kattalarni hududdan topib bo‘lmadi. Shundan so‘ng «zapravka» qurayotgan tadbirkorning telefon raqamini topib suhbatlashdim. Undan qurilish qilish uchun hujjati bor yo‘qligini so‘raganimda hujjati joyidaligini aytdi. Hujjatlarni taqdim qilishini so‘raganimda, avval boshliqdan so‘rab, keyin berishi mumkinligini aytdi.

Qoidaga ko‘ra, SES va FVB biror hududda AGTKS qurilishi uchun ijobiy xulosa bersagina shundan keyin qurilish boshlash mumkin. Undan keyin viloyat hokimidan ruxsat so‘rash mumkin bo‘ladi. Viloyat hokimi ruxsat bergach, Energomarkazga ro‘yxatga qo‘yiladi.

Vaholanki, na SES va na FVB hududda zapravka qurish uchun ruxsat bergan», — deydi tuman hokimi o‘rinbosari.

SES va FVB rahbari taqdim ikki xulosa xati
Foto: Kun.uz
SES va FVB rahbari taqdim ikki xulosa xati
Foto: Kun.uz
SES va FVB rahbari taqdim ikki xulosa xati
Foto: Kun.uz

Farg‘ona tumani SEO va JS bo‘limi boshlig‘i R.Hojiqurbonovning mazkur masala yuzasidan tuman hokimiga bildirgan xatiga ko‘ra, «Metan Omad Savdo» MChJ tomonidan avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi «Sanitariya qoidalari, ma’yorlari va gigiyenik normativlari» talablari asosida o‘rganilganda sanitariya himoya zonasi belgilangan me’yorga mos emasligi aniqlangani, shoxobcha kompressori qurilish me’yoridagi 50 metr o‘rniga aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi klinika dorixonasi bilan 48 metr, maktabga kirish yo‘lagi bilan 38 metr, maktab sport maydoni bilan 10 metr, qurilishi tugallanmagan to‘yxona bilan 25 metr masofada qurilayotgani ma’lum qilingan.

Foto: Kun.uz

Shuningdek, SEO va JS bo‘limi tomonidan tuman bosh arxitektori A.Ahmadjonovga ham me’yoriy talabga amal qilinmay qurilayotgan AGTKS haqidagi huddi shunday xulosa yuborilgan.

Surishtiruv natijasida ayon bo‘ldiki, AGTKS bepisandlik bilan, faqat tadbirkorning shaxsiy manfaati yo‘lida qurilmoqda. Maktab va aholi yashash hududiga yaqin joyda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari hech qaysi normativ hujjatga to‘g‘ri kelmaydi.

Tadbirkor AGTKS bunyod etish uchun qarshisida turgan xavfsizlik qonun qoidalariga qo‘l siltab qo‘ygan. Aholining so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari olib borayotganlar hatto AGTKS bunyod etilayotganini mahalla ahlidan yashirishga uringan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Albatta, normativ hujjatlarda belgilangan talablarni buzishga hech kimning haqqi yo‘q. Agar AGTKS qurib bitkazilib ishga tushsa, eng kamida ishlayotgan kompressorlar ovozi maktabda dars o‘tilishiga xalaqit qiladi. Maktabga yaqin hududda biror kor-hol ro‘y bermasligiga ham hech kim kafolat bermaydi.

Chek shura mahallasi hududidagi maktab yonida metan zapravka qurilish-qurilmasligi borasida Farg‘ona viloyatidagi nazorat qiluvchi mas’ul tashkilotlardan tayinli javob kutib qolamiz.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: