Termiz davlat universiteti ilmiy salohiyati qanday: yutuq va kelgusidagi rejalar

Jamiyat 14:44 / 28.12.2021 7115

Universitetda ilmiy darajaga ega pedagog xodimlar soni 171 nafar bo‘lib, shundan 34 nafari fan doktori, professor, 137 nafari fan nomzodi va falsafa doktorlaridir. Ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 21,6 foizni tashkil etadi. Ilmiy darajaga ega xodimlarning o‘rtacha yoshi 2020 yilda 57 yosh bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 54 yoshni tashkil qildi.

Joriy yilda ilmiy salohiyatni oshirish borasida dissertatsiya himoyalariga katta e’tibor qaratildi. Universitetdagi himoyalar 2018 yilda 5 ta, 2019 yilda 11 ta, 2020 yilda 26 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilda 54 tani tashkil qildi. Ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar oshdi. Ilmiy ishlar himoyasida universitetda faoliyat olib borayotgan ilmiy darajalar beruvchi 4 ta ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatyapti. 54 nafar dissertantlardan 25 nafari, ya’ni 46 foizi universitet huzuridagi ilmiy kengashlarda ilmiy ishini himoya qilishdi.

Foto: Termiz davlat universiteti
Foto: Termiz davlat universiteti

Bundan tashqari, joriy yilda tadqiqotchilarga yengillik yaratish maqsadida chet tili, pedagogika, tarix fanlaridan malakaviy imtihonlarni o‘tkazish hamda ilmiy unvonlar uchun maxsus imtihonlar olish yo‘lga qo‘yildi. Shu yilning o‘zida 200 dan ortiq izlanuvchilar malakaviy va maxsus imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirdilar. 

2021 yilda 19 nafar professor-o‘qituvchilar ilmiy unvon olgan bo‘lib, ulardan uch nafari professorlik unvoniga ega bo‘ldi. 

Foto: Termiz davlat universiteti
Foto: Termiz davlat universiteti

Ilmiy salohiyatni oshirish maqsadida oliy ta’limdan keyingi ta’limga talabgorlarni qabul qilish kvotalari ham oshirib borildi. O‘tgan yili 20 nafar tayanch doktorant, 1 nafar doktorant, 7 nafar stajyor-tadqiqotchi qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda 34 ta tayanch doktoranturaga, 2 ta doktoranturaga, 22 ta stajyor-tadqiqotchilikka, shuningdek, birinchi marta 14 ta maqsadli tayanch doktoranturaga, 1 ta maqsadli doktoranturaga kvotalar olindi.

O‘tgan yilgi oliy ta’limdan keyingi ta’limni bitiruvchilarning 28 foizi dissertatsiya ishlarini o‘z vaqtida himoya qilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 62 foizni tashkil qildi.         

Foto: Termiz davlat universiteti
Foto: Termiz davlat universiteti

2021 yil davomida universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan 1500 dan ortiq maqolalar nashr etilgan bo‘lib, shundan 700 ga yaqini respublika OAK e’tirof etgan jurnallarda, 800 ga yaqini esa xorijiy jurnallarda e’lon qilindi. Bundan tashqari, 50 dan ortiq monografiya, 12 ta darslik, 50 dan ortiq o‘quv qo‘llanma, yuzdan ortiq uslubiy qo‘llanmalar chop etildi. Shuningdek, 7 ta patent, 88 ta mualliflik guvohnomalari olindi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan turli konferensiyalarda mingdan ortiq tezislar e’lon qilindi. Natijalar oldingi yillar bilan solishtirilganda, umumiy 20 foizga o‘sish kuzatildi.

2020 yilda universitet respublika fan olimpiadasida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 11-o‘rinni olgan bo‘lsa, 2021 yilda 11 nafar talabalar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, universitet respublikada 5-o‘rinni egalladi. Universitetning 20 nafar talabasi respublika va xorijda o‘tkazilgan ilmiy tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lishdi.

Foto: Termiz davlat universiteti
Foto: Termiz davlat universiteti

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida oliy ta’lim muassasalari milliy reytingini e’lon qilishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. TerDU 2020 yil yakuni bo‘yicha milliy reyting tizimida 62 ta OTM lari orasida 35-o‘rinda.  2019 yilga nisbatan 5 pog‘ona o‘sishga erishildi. Oliygohimiz ijtimoiy-gumanitar sohalarda oliy ta’lim muassasalari reytingida 13-o‘rinni egalladi. Bu avvalo, samarali mehnat qilgan hamkasblarimizning xizmati hisoblanadi.

Joriy yilda 137 nafar magistratura bosqichini tamomlagan yosh kadrlar ishga olindi hamda ular ilmiy faoliyatga yo‘naltirildi.

Ilmiy sohada kelgusi 2022 yilda juda ko‘p ishlarni amalga oshirish maqsad qilingan. Jumladan, 2022 yilda dissertatsiya ishini himoya qilishni rejalashtirgan dotsent va professor unvonlariga talabgor olimlarga zarur sharoitlar yaratib beriladi. Ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 28 foizga oshirish, 20 dan ortiq ilmiy loyihalarni amalga oshirish reja qilingan.

Shuningdek, yosh o‘qituvchilar ilmiy sohada tajribali olimlarga biriktirib qo‘yiladi. Dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan tadqiqotchilar va ularning rahbarlari, ilmiy sohada turli natijalarga erishgan professor-o‘qituvchilarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirishning qat’iy mexanizmlari ishlab chiqiladi. Kamida uchta ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash ochiladi. Universitetda patent, mualliflik guvohnomalari olishni yengillashtirish maqsadida intellektual mulk agentligining bo‘limi tashkil etiladi. 

Umuman, biz erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga to‘laqonli erisha olishimiz uchun universitetda barcha imkoniyatlar va salohiyat yetarli. Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda universitet jamoasidan birdamlik va yangiliklarni o‘z vaqtida qabul qilish talab etiladi, albatta.

Termiz davlat universiteti axborot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: