Amrillo Inoyatov: Farg‘onada transplantologiya va onkologiya yo‘nalishi bo‘yicha tibbiyot universiteti filiali tashkil etiladi

Jamiyat 08:40 / 28.12.2021 3954

Sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov Hindistonga safar davomida 15ta yirik tibbiyot kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatilganini ma’lum qildi. Kelishuvga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va bolalar kardioxirurgiyasi, transplantologiya va onkologiya yo‘nalishi bo‘yicha tibbiyot universiteti filiali tashkil etiladi.

«Yakunlanayotgan yil O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida o‘zgarishlar va ta’bir joiz bo‘lsa sinovli o‘tdi desak ham bo‘ladi. Oq xalatli xodimlar joriy yilda ham pandemiya davrida ishladi.

Muhtaram prezidentimiz va tizimga kelgan yangi vazir tomonidan olib borilayotgan islohotlarni xalqimiz ko‘ra boshladi.
Kirib kelayotgan yangi 2022 yil esa O‘zbekiston tibbiyotida misli ko‘rilmagan o‘zgarish va yangilanishlar yili bo‘lishi shubhasiz. O‘tgan haftda dunyoning tibbiyoti juda rivojlangan davlati Hindistonda bo‘lib qaytdik. Bu davlatdagi hamkasbimiz - Hindiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari va bir qator dunyoda mashhur tibbiyot muassasalari rahbariyati bilan uchrashib, xalqimizga katta manfaat keltiradigan kelishuvlarga erishdik. Jumladan, o‘z ichiga 90ta klinika, 71ta gospital va 200ga yaqin turli markazlarga ega Apollo Hospitals kompaniyasi bilan imzolangan kelishuvga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va bolalar kardioxirurgiyasi, transplantologiya va onkologiya yo‘nalishi bo‘yicha tibbiyot universiteti filiali tashkil etiladi. Markaz qurilishi 2022 yilda boshlanadi.

Medanta Hospital va Sharda Hospital kompaniyalari bilan hamkorlikda mamlakatimizning turli hududlarida yirik tibbiyot markazlari va ikkala markaz qoshida ham oliy ta’lim muassasalari ochiladi. 

Shunga o‘xshash Hindistonning 15ta yirik tibbiy kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatdik. Shuningdek, turli jarrohlik tibbiy muolajalari olish uchun yurtimizdan borgan vatandoshlar bilan uchrashdik, ularga imkon qadar ko‘mak berishga harakat qildik. Xalqimizning yirik jarrohlik amaliyotiga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, 2022 yilda yurtimizda «O‘zbekiston - Hindiston» tibbiyoti oyligini o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Mazkur oylik doriasida mamlakatimizning turli hududlarida tibbiy ko‘riklar, muolajalar va jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi. Bu esa har bir bemorning juda katta miqdordagi mablag‘i tejalishiga olib keladi», deydi vazir o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: