Qashqadaryoda pnevmatik to‘pponcha, elektroshoker va chopqi bilan qurollanib bosqinchilik qilgan 3 yigit qo‘lga olindi

Jamiyat 19:33 / 27.12.2021 10515

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida pnevmatik to‘pponcha, elektroshoker va chopqi bilan qurollanib bosqinchilik qilgan 3 yigit qo‘lga olingan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 25 dekabr kuni soat 16:30larda A-378 Qarshi-Samarqand xalqaro avtomobil yo‘lining Chiroqchi tumanidan o‘tgan qismida 27 yoshli U.L. o‘z boshqaruvida bo‘lgan Matiz mashinasida tanishi bilan gaplashib o‘tirganida ularning yoniga Nexia-2 kelib to‘xtagan.

Mashinadan uch nafar noma’lum shaxs tushib kelib ularni Nexia-2ga mindirib, so‘ng pistolet, elektroshoker va chopqi pichog‘i bilan hayot uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib qo‘rqitgan. Bosqinchilar U.L.ning yonida bo‘lgan 1 million 820 ming so‘m, 701 dollar pullarini, 2,5 million so‘mlik Samsung A22, 700 ming so‘mlik iPhone 5S rusumli telefonlarini, Matiz’ga o‘rnatilgan 100 dollarlik T99 rusumli videoregistratorni, 70 ming so‘mlik 8 gb fleshkasini va ikki dona narxi 10 ming so‘mlik o‘t oldirgichni tortib olib hodisa joyidan yashirinishgan.

Foto: Tergov departamenti

Olib borilgan tezkor-qidiruv natijasida ushbu jinoyatni 20 yoshli J.E., 21 yoshli R.O. va 24 yoshli A.S. sodir qilgani aniqlanib, ular ushlangan. Ulardan bir dona pnevmatik to‘pponcha (o‘qlari va gaz ballonchalari bilan), bir dona elektroshoker qurilmasi, T99 rusumli videoregistrator, Samsung A22 va iPhone 5s telefonlari, 1 million 196 ming so‘m pullar, sumka hamda bir juft qo‘lqop ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan J.E., R.O. va A.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.

Ko‘proq yangiliklar: