Navoiydagi sirli qotillik tarixi: Tanib bo‘lmas murdadan uyushgan guruhning fosh etilishigacha

Jamiyat 14:50 / 26.12.2021 113113

O‘tgan asr 90-yillaridagi ushbu jinoyat ochilishi milliy prokuratura tarixidagi muvaffaqiyat namunalaridan biri bo‘lib qolgan.

Shaxsi noma’lum murda

1993 yil 20 iyun. Kunduzi soat 12larda Navoiy viloyati Konimex tumanidan o‘tgan asfalt yo‘ldan ikki yuz metrlar uzoqlikdagi daladan yer qazuvchilar noma’lum shaxsning ko‘mib tashlangan jasadiga duch kelishdi.

Murda haqida tegishli idoralarga xabar berildi. Voqea joyiga viloyat prokurori, viloyat bosh tergovchisi, prokuror-kriminalist, sud-tibbiyot eksperti, ichki ishlar boshqarmasining mutaxassis izquvari, tezkor-qidiruv xodimlari hozir bo‘ldi. Biroq oradan ma’lum vaqt o‘tgani sababli, voqea joyida birorta iz yo‘q edi.

Yagona ilinj – o‘qotar quroldan ikki marta otilishi natijasida boshi majaqlanib ketgan va yuzi tanib bo‘lmas holga kelgan murda va uning ustidagi chirish darajasiga yetib qolgan kiyimidan edi.

Bu inson kim, bu yerga qanday kelib qolgan, qotillar kim, nima sababdan, qayerda, qachon o‘ldirilgan, degan savollarning hech biriga javob yo‘q. Shu tufayli, tergovchilar oldida o‘ta murakkab vazifa turgani aniq edi.

Dastlab, qasddan odam o‘ldirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Voqea joyi, uning yaqin atrofi o‘rganib chiqildi. Murdaning tanasi sinchiklab o‘rganildi, namunalar olindi.

Sud-tibbiy ekspertiza quyidagi xulosani berdi: marhum o‘rta yoshlardagi yevropa millatlari toifasiga mansub. Boshiga qo‘shog‘iz ov miltig‘i bilan 2 marta tirab otilgan sochma o‘q oqibatida o‘lim topgan. Shu bilan birga, o‘ng umurtqasidagi 6, 7 va 8-qovurg‘a suyaklari singan bo‘lib, bu jarohatlar jinoyat sodir etish paytida jismoniy kuch ishlatilgani, tepkilash ta’sirida bo‘lgani ehtimoli bor. Bosh suyagida o‘q izlaridan tashqari, majaqlangan boshqa jarohatlar izi ham bor edi. Bu jarohat boltaning sirti yoxud shunga o‘xshash og‘ir va qattiq predmet bilan urish natijasida yetkazilgan bo‘lishi mumkin.

Navbatdagi vazifa – marhumning shaxsini aniqlash edi. Shu sababli, tevarak-atrofdagi aholi yashash punktlaridan bedarak yo‘qolgan insonlar surishtirildi. Ammo bedarak yo‘qolganlar orasida murdadagi belgilarga o‘xshashi topilmaydi.

Kalavaning uchi topilgandek...

Nihoyat, Buxoro viloyatidagi (Hozirda Navoiy viloyatida) Zafarobod qo‘rg‘oni ichki ishlar bo‘limidan keltirilgan yig‘majildlar orasida 1993 yil 25 may kuni Sergey Ivanov ismli shaxs bedarak yo‘qolgani va keyinroq uning xabari topilgani haqidagi ish uchrab qoladi.

Ma’lum bo‘ladiki, er-xotin Ivanovlar Zafarobod posyolkasida yashab kelgan. Erining to‘satdan yo‘qolib qolishi natijasida marhumning rafiqasi Mariya Ivanova 1993 yil 25 may kuni militsiya bo‘limiga murojaat qiladi. Ammo oradan bir necha kun o‘tib, Toshkentdan erining nomidan jo‘natilgan telegramma kelib qoladi: “Qo‘ng‘iroq qilolmayapman. Xavotir olmanglar, sog‘man. Bu yerda mashinam buzilib qoldi. Tuzatishga ancha vaqtim ketyapti”.

Telegrammadan keyin ham Sergey Ivanovdan darak bo‘lmagani tergov guruhida shubha uyg‘otdi. Mariya Ivanova Konimexda topilgan noma’lum murda bo‘yicha ish olib borayotgan tergov ishiga jalb etildi. Unga shaxsi noma’lum murda ko‘rsatildi. Ayol murdani yaqindan o‘rganib, uvvos solib yubordi – u yostiqdoshini hech ikkilanmay tanib olgan edi...

Telegramma yordam beradimi?

Tergovchining yagona umidi telegramma qo‘lyozmasidan bo‘lib qoladi: “Ishqilib, qo‘lyozma saqlanib qolgan bo‘lsin-da!”

Hozirda o‘tmishga aylangan telegramma yuborishda uni jo‘natadigan odam aloqa bo‘limiga borib, xodimga matnni qo‘lyozma shaklida berishi talab etilardi. Qabul qiluvchi shaxsga esa telegramma qog‘ozda chop etilgan shaklda borardi.

Toshkentdagi aloqa bo‘limidan telegramma qo‘lyozmasi topiladi. Telegramma jinoyatchi tomonidan tergovni chalg‘itish va vaqtdan yutish maqsadida jo‘natilganiga hech qanday shubha qolmaydi.

Endilikda qo‘lyozma kimga tegishli ekanini topish kerak edi. Barcha kuch va vositalar yozuv egasini qidirishga yo‘naltirildi.

Uzoq davom etgan harakatlardan so‘ng, qo‘lyozmadagi yozuv Zarafshondagi kon boshqarmalaridan birining kadrlar bo‘limidagi shaxsiy hujjatlar yig‘majildlari orasidan Madina Amirova ismli ayolniki bilan o‘xshashligi aniqlandi. Yozuvlar ikki tomchi suvday bir-biriga o‘xshardi.

Mavhumlikdan oydinlikka

Ekspertiza tayinlandi. Ekspertiza xulosasi ikkala yozuv bir shaxsga tegishli ekanini tasdiqladi.

Madina Amirova tergovga jalb etildi. Boshida u tergovchini “qo‘lyozmadagi yozuv uniki emas”ligiga ishontirishga urinadi. Befoyda urinishlardan so‘ng u tilga kiradi.

Madina Amirova turmush o‘rtog‘i Sh.Amirov bilan birga uyushgan jinoiy guruhga xizmat qilgani, guruhni Stanislav Samoylov boshqarishi, Shamil Basayev va Igor Matviyenko guruhning faol a’zolari ekani ma’lum bo‘ladi.

Samoylovning topshirig‘iga ko‘ra, Madina shaharda yurgan yangi mashina egalari bo‘lgan erkaklar bilan tanishishi, go‘yoki ishqiy munosabatga kirishish mayli borligini ko‘rsatib, ularni tuzoqqa ilintirishi lozim bo‘lgani oydinlashdi.

Ana shunday tuzoqlardan biriga – yangi “nol to‘qqiz” Jiguli egasi Sergey Ivanov ilinib qolgandi...

“Tasodifiy” uchrashuv

Kunlardan bir kuni restorandagi “tasodifiy” uchrashuvda Sergeyning ko‘zi yonidagi stolda yolg‘iz o‘tirgan qora soch, qora ko‘zli, xushqomat Madinaga tushadi. Shu pallada Madina ham o‘ziga tikilib o‘tirganini sezib qoladi. Bu tikilishda o‘zi bilan tanishish mayli borligini sezgan Sergey Madinaning stoliga borib o‘tiradi va uni gapga tutadi. Madina yoqimli ovozi va hozirjavobligi bilan Sergeyni shoshirib qo‘yadi. Sergey tomonidan “kutilmaganda” aytilgan birga ovqatlanish taklifiga Madina bir oz o‘ylangan bo‘lib, “mayli” deya javob berdi.

Birga ovqatlanish asnosida Madina Sergeyga o‘zini boshi ochiq deb tanishtiradi. Bu vaqtda esa Sergeyning turmush o‘rtog‘i ikki haftadan buyon onasinikida yashayotgan, kamiga yana bir hafta qolish niyati borligini aytgandi. Telefonda dastlab sipogina boshlangan suhbatlar kulgi va hiring-hiringlar bilan davom etadigan bo‘ldi. Ammo bu suhbatlar Sergey uchun kifoya qilmasdi. Bu ayol badanining taftini sezish orzusi Sergeyning halovatini buzgandi.

Telefon orqali navbatdagi suhbatda Madina Sergey bilan yana birga ovqatlanish taklifini qabul qildi.

Sergey uchun chiqarilgan “hukm” ijrosi

Navbatdagi uchrashuvda Madina Sergeyning ko‘ziga yanada go‘zal ko‘rinib ketadi. Erkak rejasini bugundan qoldirmaslikka ahd qiladi.

Ovqatlanish jarayonida ichkilik ko‘payib ketadi. Suhbat qizigani sayin Madina ko‘proq ichkilik buyurtma qilaveradi. Ayolning iltimosini rad etolmagan Sergey yakunda ichkilikdan o‘zini bilmas darajaga kelib qoladi.

Bo‘kib ichirilgan Sergey yakunda o‘z maqsadi – xilvat joyga taklif qilinadi.

Aldov bilan chekka joyga olib borilgan Sergey u yerda jinoiy guruh a’zolari tomonidan tepkilar bilan kutib olinadi. Shu jarayonda Samoylov boltaning sirti bilan Sergeyning boshiga zarba berib, uni hushidan ketkazadi. So‘ng, qo‘shotar miltiq bilan boshiga tirab, ikki marta o‘q uzadi...

Shahvoniy istagi qurboniga aylangan marhumning tanasi chuqurga ko‘mib tashlanadi.

Jazo

Sergeyni o‘ldirishdan maqsad – uning yangi avtomobiliga egalik qilish edi. Moddiy manfaat uchun hech narsadan tap tortmaydigan qattol jinoiy guruh bungacha ham shunga o‘xshash bir necha jinoyatlarga qo‘l urgan va ular ochilmay kelayotgandi.

Guruhning barcha a’zolari birma-bir qo‘lga olinadi. Jinoyatchilar tergov jarayonida rad etib bo‘lmas dalillar qarshisida ojiz qoladi. Ularning avvalgi jinoyatlari ham fosh etiladi.

Uzoq davom etgan tergov yakun topib, ish sudga oshiriladi. Jinoyat ishi Navoiy viloyat sudida ko‘rib chiqiladi. Yakunda sud S.Samoylov va I.Matviyenkoni oliy jazo – otib o‘ldirishga (O‘zbekistonda o‘lim jazosi 2008 yil 1 yanvardan bekor bo‘lgan), Sh.Amirovni 13 yilga, Sh.Basayevni 11 yilga, M.Amirovani 10 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qiladi.

Abbos Salaydinov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: