Tadbirkorlarga valuta ayirboshlash xizmatlari ko‘rsatish ruxsati va yangi banknotlar – Hafta iqtisodiy xabarlari

Iqtisodiyot 17:45 / 19.12.2021 17271

Yangi banknotlar

Markaziy bank 2021 yilning 22 dekabridan yangi ko‘rinishdagi, nominal qiymati 50 000 so‘m va 100 000 so‘m bo‘lgan banknotlar muomalaga chiqarilishini e’lon qildi. Ammo yangi 50 ming so‘mlik dizaynida xatolik aniqlandi. Yangi qog‘oz pulda aks etgan yodgorlik majmuasi aslida Hakim Termiziy maqbarasi surati bo‘lib, banknotdagi matnda Abu Iso Termiziy maqbarasi deb yozilgan.

Hozir amalda bo‘lgan – 2017 yilda chiqqan 50 ming so‘mlik va 2019 yilda chiqqan 100 ming so‘mlik banknotlar ham muomaladan chiqarilmasligi va ular o‘z to‘lov qobiliyatini saqlab qolishi aytilgan.

«Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi

Senat yalpi majlisida «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Keyingi yilda budjetdan ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim sohasi xarajatlariga 46,9 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlariga 22,8 trln so‘m, madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 3,4 trln so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,5 trln so‘m yo‘naltirilishi nazarda tutilmoqda.

Qonunda ochiq budjet, «Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi»ga 1 trln 553 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi ham ko‘zda tutilgan.

Hokim yordamchisi maoshi

Hokim yordamchilarining avvalgi ish joyidagi maoshlarini saqlab qolish masalasi 2022 yil uchun davlat budjetida ko‘zda tutilgan.

Moliya vaziri Temur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, agarda hokim yordamchisi avval davlat budjetidan oylik olib kelgan bo‘lsa va avvalgi maoshi yangi lavoziminikidan yuqori bo‘lgan bo‘lsa, eski ish joyidagi maoshi saqlanib, yangisidan maosh olmaydi.

Ma’lumot uchun, hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori bilan hokim yordamchilarining maoshi miqdori belgilangan. Unga ko‘ra, mahalladagi xonadonlar soniga qarab 4 mln 932 ming so‘mdan 5 mln 754 ming so‘mgacha bo‘lgan maoshlar to‘lanadi.

«O‘zbekneftgaz» shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6500 so‘mgacha tushirildi

«O‘zbekneftgaz» AJga tegishli AYoQShlarda AI-80 benzini narxi 6890 so‘mdan 6500 so‘mga tushirildi. Bunga so‘nggi kunlarda benzin taqchilligi oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelgan tanqidiy muhokamalar sabab bo‘lgan. 

Kun.uz muxbirining «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati bilan bog‘lanib oydinlik kiritishicha, AI-80 benzini narxini yana arzonlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

24/7 rejimda ishlaydigan valuta ayirboshlash xizmati

Xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, norasmiy valuta operatsiyalari vujudga kelishining oldini olish, shuningdek, uzluksiz ravishda (24/7 rejimda) xizmat ko‘rsatish imkonini yaratish maqsadida xususiy tadbirkorlarga valuta ayirboshlash xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga kredit uyushmasi xizmatlar bozoriga kirish imkoniyatlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Avtobus va metropolitenda yo‘lkira narxi oshiriladi

Toshkent shahar hokimining «Yangi tariflar joriy qilinishi to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjat bilan Toshkent shahar jamoat transportida yo‘lkirani naqd pul orqali to‘lashda 1 700 so‘m etib belgilash reja qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: