O‘tgan 11 oyda xorijdan O‘zbekistonga qancha pul yuborilgani malum qilindi

Iqtisodiyot 17:01 / 09.12.2021 22231

Global va ichki iqtisodiyotda bir qator inflyatsion xatarlar saqlanib qolayotganligi uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgan. Bu haqda Markaziy bank boshqaruv kengashining yig‘ilishi yuzasidan e'lon qilingan press-relizda ma'lumot berilmoqda.

2021 yilning noyabr oyida yillik inflatsiya ko‘rsatkichi 10,3 foizni tashkil etgan. Bunda, yuqori baza effekti hisobiga inflatsiyaning yonilg‘i va transport xizmatlaridan tashqari barcha guruhlarida yillik o‘sish sur'atlari o‘tgan oylarga nisbatan sekinlashgan.

Yanvar–noyabr oylari davomida so‘m almashuv kursi 10449-10787 so‘m/AQSh dollari oralig‘ida tebrangan. Bunda, noyabr oyida tashqi sharoitlar o‘zgarishiga javoban so‘m almashuv kursi devalvatsiya sur'atlari biroz tezlashgan va yil boshidan beri 3 foizga qadrsizlandi.

Transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 11 oyda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35 foizga o‘sib, 7,3 mlrd dollarga yetgan va aholining iste'mol talabini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan biri bo‘lmoqda.

Yonilg‘i-energiya mahsulotlari narxlarining oxirgi uch oyda sezilarli o‘sganligi transport, yo‘lovchi tashish, yetkazib berish va logistika xizmatlari narxlarining ham oshishiga olib kelgan. Bu, o‘z navbatida, aholining inflyatsion kutilmalari uchun ham asosiy oshiruvchi ahamiyat kasb etgan. Kelgusida inflyatsion xatarlarni pasaytirish masalasi, birinchi navbatda, ushbu mahsulotlar narxlari oshishining oldini olish vazifasini kun tartibiga chiqargan.

Markaziy bank milliy valuta almashuv kursi keskin tebranishlarining oldini olish bo‘yicha yetarli imkoniyatlarga egaligi ta'kidlab o‘tilgan.

«Ichki valuta bozoridagi vaziyat, so‘mning real samarali almashuv kursi dinamikasi va unga nisbatan yuqori bosimning mavjud emasligi, Markaziy bankning milliy valuta almashuv kursi keskin tebranishlarining oldini olish bo‘yicha yetarli imkoniyatlarga ega ekanligi kelgusi oylarda yuqori devalvatsion kutilmalarga asos mavjud emasligini anglatadi», — deyiladi bayonotda.

Ko‘proq yangiliklar: