Ekspert: AYoQShlardagi bir litr benzin narxining qariyb 27 foizini soliqlar tashkil etadi

Iqtisodiyot 11:52 / 07.12.2021 15280

Amaldagi soliq qonunchiligi ta'sirida avtobenzin narxi qanday shakllanadi, sotilayotgan benzin narxining qay miqdori soliqqa to‘g‘ri keladi? Mazkur savollar bilan Kun.uz O‘zbekiston Neft treyderlari assotsiatsiyasi boshqaruv raisi Saidabbos Saidvaliyevga murojaat qildi.

Uning keltirib o‘tishicha, hozirgi kunda yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi bir litr benzinning 26,3 foizini soliqlar tashkil etadi.

«Hozirda oktan soni 91dan yuqori bo‘lgan benzinni import qilishda bir tonnasiga 275 ming so‘m miqdorida aksiz solig‘i hamda 15 foiz QQS to‘lanadi. Shu o‘rinda aytish kerakki, aksiz va mahsulot narxi (O‘zbekiston chegarasigacha yetkazish qiymati bilan birga) QQSni belgilash uchun baza hisoblanadi. Ya'ni to‘lanadigan aksizning o‘zidan ham QQS to‘lanadi... Bu bir tonna benzindan qo‘shimcha yana 275 ming so‘mning 15 foizi yoki 41 ming 250 so‘m degani. Ya'ni soliqdan soliq to‘lanadi! Ammo bu hammasi emas.

QQSni hisoblash uchun kontraktda, invoysda va boshqa joylarda ko‘rsatilgan mahsulotning faktik narxi emas, balki o‘sha hududda avval import qilingan hajmga asoslangan bojxona bazasi olinadi... Ba'zida raqamlar o‘rtasidagi farq juda katta bo‘ladi.

Keyinchalik benzin, dizel yonilg‘isi va suyultirilgan gazni yakuniy iste'molchiga sotishda sotuvchi aksiz to‘laydi, aksizning nomi ham aynan shunday – «benzin, dizel yonilg‘isi va suyultirilgan gazni yakuniy iste'molchiga sotishda to‘lanadigan aksiz solig‘i». Bu soliqning hajmi bir tonna mahsulotdan 465 ming 530 so‘m bo‘lib, u ham QQSni hisoblash uchun baza hisoblanadi. Shunday qilib, bir tonna benzindan quyidagi «bilvosita soliqlar» to‘lanadi: 275 ming + 15 foiz = 316 ming 250 so‘m/tonna, 465 ming 530 so‘m + 15 foiz = 535 ming 360 so‘m/tonna va 15 foiz QQS.

Masalan, O‘zbekistonga yetkazib berilishi bilan 700 dollarga tushadigan bir tonna benzindan olinadigan mahsulot tannarxiga kiruvchi bilvosita soliqlar 1 mln 980 ming 360 so‘mni tashkil qiladi, bu esa boshlang‘ich narx – 700 dollarning 26,3 foizi degani. Shundan kelib chiqilsa, AYoQShda, deylik, 8000 so‘mdan sotiladigan bir litr benzinning 2100 so‘mini soliqlar tashkil qiladi degani.

AI 80 benzini va dizel yonilg‘isini ishlab chiqarishda ham aksiz solig‘i bir tonna mahsulot uchun 240 ming so‘mni tashkil qiladi, AI 91 va undan yuqori oktanli benzin uchun esa 275 ming so‘m. Ya'ni import benzin uchun ham, mahalliy NQZda ishlab chiqarilayotgan benzin uchun ham bir xil soliq to‘lanadi. 

Shunday qilib, bizda benzin narxi shartli ravishda quyidagicha shakllanadi:

  • a – import qilingan benzin tannarxi
  • b – 275 ming so‘m aksiz solig‘i
  • s – 465 ming 530 so‘m aksiz solig‘i
  • d – boshqa xarajatlar va sotuvchining daromadi
  • (a+b+s+d) + 15 foiz (QQS)», deydi mutaxassis.

Benzin iste'molchilarga yetib borgunga qadar turli ko‘rinishlarda eng ko‘p soliq qo‘shiladigan tovarlardan biri hisoblanadi.

Davlat bojxona qo‘mitasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, tovarlar nomenklaturasining 2710 12 412 0 kodi (TIF TN kod) bilan tasniflanuvchi «AI-90 markali benzin» mahsulotlarini olib kirganlik uchun 0 foiz miqdorida import bojxona boji, tonnasiga 275 ming so‘m miqdorida aksiz solig‘i hamda 15 foiz miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkalari belgilangan. Bundan tashqari, tovarlarning bojxona qiymati summasiga muvofiq bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 1 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda bojxona yig‘imi stavkalari ko‘zda tutilgan.

Xususan, 10 ming dollargacha bojxona qiymatidagi tovarlarni rasmiylashtirganlik uchun BHMning 1 baravari, 10 mingdan 20 ming dollargacha bo‘lgan mahsulotlardan BHMning 1,5 baravari miqdorida yig‘imlar undiriladi.

Ma'lumot o‘rnida, 2022 yil uchun «Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasida respublikada ishlab chiqarilgan va import qilingan benzinga yagona soliq stavkasi belgilanishi reja qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: