Turkiya: lira quladi, inflatsiya ko‘tarildi, biroq Erdo‘g‘an xotirjam. Mamlakat iqtisodiyotida nimalar bo‘lmoqda?

Iqtisodiyot 17:18 / 06.12.2021 30390
Birgina noyabr oyining o‘zida turk lirasining AQSh dollariga nisbatan qurbi 30 foizga arzonlashdi.
Sedat Suna / EPA / Scanpix / LETA

O‘tgan hafta ichida ham lira rekord minimumlarni qayd etdi, lekin Turkiya yetakchisi past foiz stavkalari bilan «mustaqillik uchun iqtisodiy muhoraba»ni davom ettirmoqda.

Nega Erdo‘g‘an uning raqiblari ta'kidlayotganidek, inflatsiya, ishsizlik va qashshoqlik oshishiga sabab bo‘luvchi siyosatidan voz kechmayapti? Bu turkiyaliklar uchun nimani bildiradi? BBC bu haqda tahliliy maqola e'lon qildi.

Noortodoksal siyosat

Turk lirasining qulash sababi oddiy: prezidentning iqtisodiyotga noortodoksal yondashuvi. Unga ko‘ra, Turkiyaning raqobatbardosh valuta sharoitida iqtisodiy o‘sishi va eksport salohiyatini past foiz stavkalarini saqlab qolish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash nazarda tutiladi.

Ko‘plab iqtisodchilar inflatsiya o‘sishi foiz stavkalarini oshirib borish bilan nazorat qilinadi, deb hisoblashadi. Lekin Erdo‘g‘an uchun foiz stavkalari — bu «boylarni yanada boy, kambag‘allarni esa qashshoq qiluvchi yovuzlikdir».

«Hamma narsaning narxi shu qadar oshganki, ko‘pchilik oilalarda risoladagidek tushlik tayyorlashga ham imkoniyat yo‘q», — degan mahalliy oziq-ovqat do‘konlaridan birining xaridori Sevim Ildirim BBC’ga.

Turkiyada yillik inflatsiya 21 foizdan oshdi, lekin Erdo‘g‘an nazorati ostidagi Markaziy bank foiz stavkasini 16 foizdan 15 foizga tushirdi. Bu esa shu yildagi uchinchi pasaytirish.

Hozir butun jahonda inflatsiya oshib bormoqda, butun dunyo bo‘ylab markaziy banklar foiz stavkalarini oshirish haqida gapirishmoqda. Faqat Turkiya emas. Erdo‘g‘an alaloqibat inflatsiya o‘z-o‘zidan pasayishiga ishonadi.

So‘nggi ikki yil ichida u Turkiya markaziy bankining uch rahbarini ishdan oldi, o‘tgan haftada moliya vaziri ham bo‘shatildi. Lira esa qulashda davom etmoqda.

Narxlarning misli ko‘rilmagan oshishi

Turkiya iqtisodiyoti ko‘proq importga bog‘liq, bu yerga oziq-ovqat mahsulotlaridan tortib, tekstil mahsulotlari va boshqa buyumlargacha olib kiriladi. Shu sababli mamlakatdagi iste'mol tovarlari narxi dollarning liraga nisbatan kursiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq.

Masalan, turk oshxonasining asosiy masalliqlaridan biri pomidorni olaylik. Pomidor yetishtirish uchun turk fermerlariga import o‘g‘itlar va gaz kerak. Mamlakat janubidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hudud bo‘lmish Antaliya savdo palatasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning avgustiga kelib pomidor narxi o‘tgan yilgiga nisbatan 75 foizga ko‘tarilgan.

«Biz qanday qilib pul ishlaylik? O‘zimiz yetishtirgan mahsulotni hamon past narxlarda sotmoqdamiz, ishlab chiqarish xarajatlari esa bir necha karraga oshgan», — deydi Istanbuldan uch soatlik masofadagi shaharchada uzum yetishtiradigan Sadiya Kaleshi.

Uzumzorlar egasi Faride Tufanning aytishicha, uzum sotib kun ko‘rish ilojsiz bo‘lib qoldi. Foto: BBC

Yana bir fermer Faride Tufanning aytishicha, uning o‘z xo‘jaligini sotishdan boshqa yo‘li qolmagan: «Qarzlarimizni yerimiz va uzumzorlarimizni sotibgina uzishimiz mumkin. Lekin unda hech vaqosiz qolamiz».

Turkiya valutasi shu qadar beqarorki, narxlar har kuni o‘zgarmoqda. Birgina ishlab chiqaruvchilar uchun inflatsiya 50 foizga o‘sgan.

«Qo‘limdan kelgan barcha xarajatlarni qisqartirdim, — deydi bozorga xarid uchun kelgan Xoqon Ayran. — To‘lovlarga qolishi uchun oilam kamroq yeya boshladi, o‘ta zaruriyatsiz hech kim hech narsa sotib olmaydi».

Supermarketlar xodimlari bir tovar uchun bir necha kunlik narx yorliqlarining fotolarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmoqda. Bu bilan ular margarin, zaytun yog‘i, choy, qahva, tozalovchi vositalar va hojatxona qog‘ozining narxi qanday o‘sib borayotganini amalda ko‘rsatib berishmoqda.

Foto: twitter.com/zamgunlugu

Turkiyaning kattaligi bo‘yicha uchinchi shahri Izmirdagi nonvoyxona o‘z eshigiga xaridorlarga narx oshganini tushuntiruvchi eslatma ilib qo‘ydi. U yerda jumladan un, yog‘ va kunjutning oshgan narxlari ham keltirilgan. Murojaat «Allohning o‘zi yordamchimiz bo‘lsin» so‘zlari bilan tugatilgan.

 Foto: twitter.com/etkilihaber

Xorijiy valutadagi qarz — xususiy sektor uchun katta muammo, liraning beqarorligidan kompaniyalar mahsulotlarini sotishdan ko‘ra, omborlarda saqlashni ma'qul ko‘rishmoqda.

Bu esa yanada qashshoqlashishga olib kelmoqda va kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi farq oshishiga xizmat qilmoqda.

Norozi turk yoshlari

Arzon non taklif etilayotgan yonilg‘i shoxobchalari va mahalliy kengashlar binolari oldida navbatlar hosil bo‘lmoqda.

Muxolif partiyalar muddatdan avvalgi saylovlar va mitinglarga chorlamoqda. Lira bir kunda 18 foizga qadrsizlangan 23 noyabr kuni ayrim joylarda norozilik aksiyalari ham o‘tkazilgan va o‘nlab odamlar hibsga olingan.

Lekin, ayniqsa yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z noroziligini ko‘proq bildirmoqda.

«Men hukumatimizdan mutlaqo noroziman. Men bu mamlakatda o‘z kelajagimni ko‘rmayapman», — deb yozgan yosh turklardan biri YouTube’dagi yangiliklar kanali ostidagi sharh bo‘limida.

Turkiyaning har beshinchi yoshi ish bilan ta'minlanmagan, ayollar o‘rtasida ishsizlik statistikasi yanada achinarli.

Badavlat davlatlar klubi ham deb ataluvchi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiya ishsiz yoshlar, shuningdek o‘qimaydigan va kasbiy tayyorgarlikdan o‘tmaydigan yoshlar ulushi ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi ilg‘or davlat.

Turkiya yoshlari o‘zlarini xorijlik tengdoshlari qanday yashayotganiga solishtirishadi va ko‘pincha bu taqqos ularning foydasiga emas. «AQSh yoki Yevropadagi yosh yigit o‘zining bir oylik maoshiga iPhone sotib ololadi. Men esa ko‘p oy ishlasam ham bunga imkonim yo‘q», — deydi 18 yoshli yigit.

Bu avlod yaqin yillarda Turkiya siyosatida o‘z so‘zini aytadi – ular Erdo‘g‘an rahbarligidagi «Adolat va taraqqiyot» (AKP) partiyasi 2002 yildan buyon hukmron bo‘lgan davrda yashab kelmoqda. 2023 yilda bo‘lib o‘tadigan keyingi saylovlarda 1990-yillarning oxirlarida tug‘ilgan qariyb to‘qqiz million yoshlar ilk marta ovoz berish huquqiga ega bo‘lishadi. Bu esa AKP uchun jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

«Oldindan aytib bo‘lmaydi»

Hukmron partiya muvaffaqiyatlari 2008 yilgi moliyaviy inqirozdan so‘ng Turkiyaga xorijdan ko‘plab moliyaviy yordam ko‘rsatilganiga ham qisman bog‘liqligi aytiladi.

Turkiya iqtisodiyoti mablag‘lar va kreditlarning katta qismini qurilish sanoatiga yo‘naltirgan hukumat xarajatlari tufayli ham o‘sdi. Natijada, mamlakatda tovarlar ishlab chiqarish importga, iqtisodiyot ahvoli esa valuta tebranishlariga juda bog‘liq bo‘lib qoldi.

Erdo‘g‘anning iqtisodiy modeli lirani qutqarib qolishi mumkinligiga esa mamlakatda ishonayotganlar ko‘p emas.

Iqtisodchi Arda Tunkaga ko‘ra, bunday noaniqlik sharoitida hech kim voqealar endi qanday rivojlanishini aytishga jur'at eta olmaydi. «Biz iqtisodiy nazariya qoliplariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan modeldan ilk marta foydalanmoqdamiz. Avvallari hattoki krizis payti ham prognoz qila olar edik. Endi bu imkonsiz», deydi ekspert.

Ko‘proq yangiliklar: