Yangi tizimlar borasida tadbirkorlar xavotiri: DSQ nima deydi?

Iqtisodiyot 14:40 / 03.12.2021 11987

Davlat soliq qo‘mitasi yangi axborot tizimlari borasida tadbirkorlarning xavotiri yuzasidan munosabat bildirdi.

“Bir vaqtning o‘zida bir nechta axborot-tahliliy tizimlarni joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani, ularni joriy etish muddatlarining qisqaligi, shuningdek, tizimlardagi kamchiliklar sababli tadbirkorlik sub’yektlarida xavotir paydo bo‘lmoqda.

Barcha axborot-tahlil tizimlari maqsadli guruhlari va iqtisodiyot tarmoqlari (shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik) vakillari bilan birgalikda qayta ishlab chiqishni inobatga olgan holda bosqichma-bosqich ishga tushirilishini ma’lum qilamiz”, — deyiladi rasmiy xabarda.

DSQ 3ta yangi elektron tizim haqida ma’lumot berdi.

E-aktiv tizimi: bugungi kunga kelib dastur modeli ishlab chiqilgan. Birinchi bosqichda u faqat kiruvchi va chiquvchi tovarlar oqimini hisobga olishga qaratiladi (EHF va BYuD asosida avtomatik ravishda);

MXIK: o‘lchov birliklarini MXIKka biriktirish ham 2022 yil 10 yanvardan bozor ishtirokchilari bilan muhokama natijalaridan so‘ng tovarlar guruhi bo‘yicha bosqichma-bosqich boshlanadi (qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qilinadi);

QQS guvohnomasi: bugungi kunda tizim test rejimida ishlamoqda va davlat organlarining boshqa axborot tizimlari bilan solishtirilmoqda.

Qo‘mita tadbirkorlardan shu va boshqa axborot tizimlari ishlab chiqarilib, test rejimida ishga tushirilgandan so‘ng ulardagi kamchiliklar haqida xabar berishni, shuningdek, takliflarini yuborishni so‘ragan.

Shuningdek, xabarda quyidagilar ma’lum qilingan:

  • EHFni shakllantirishda yuzaga kelgan qiyinchiliklar tufayli noyabr oyi uchun EHF taqdim etish muddati 2021 yil 20 dekabrga qadar uzaytirildi;
  • amaldagi qonunchilikda tegishli MXIKlarning EHFda noto‘g‘ri aks ettirilgani uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Bunda sayyor soliq tekshiruvlari MXIKlarga emas, balki avvalgidek EHFda ko‘rsatilgan tovarlarning o‘ziga xosliklarini hisobga olgan holda tahlil qilishga asoslanadi.

Avvalroq, QQS to‘lamaslik xavfini aniqlashtiruvchi instrument ishga tushirilishi ma’lum qilingandi. Yangi instrument 2022 yil boshidan ishga tushadi.

Eslatib o‘tamiz, DSQ raisi E-aktiv atrofidagi muhokamalarga munosabat bildirib, yangi tizimga qarshi chiqayotganlar nohalol tadbirkorlar manfaatini ko‘zlaganini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: