Yo‘llarimiz qachon epaqaga keladi?

O‘zbekiston 13:49 / 26.11.2021 5460

Lotoklar yo‘llardan baland ekanligiga hech e'tibor berganmisiz? Yo‘l ustiga yog‘gan yomg‘ir yoki qorning erigan suvlari beton ariqlar balandligi bois unga borib tushmaydi. Natijada asfaltga zarar yetib, chuqurchalar hosil bo‘ladi. Uzoq muddat xizmat qilishi kerak bo‘lgan yo‘l esa ta'mirtalab ahvolga kelib qoladi.

Xo‘sh, nega yo‘llar lotoklardan pastda. Buning asosiy sabablari nimada va bunday bo‘lmasligi uchun nimalar qilish kerak? Ushbu savollar bilan Andijon viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘lqinjon Qorayevga yuzlandik.

“Yo‘ldan suv chiqib ketadigan lotogimiz qisman baland turgan bo‘lsa, bu yerda demak ikkinchi qavati bor. Ikkinchi qavati borib lotokka tushishi kerak. Bu yil birinchi qavati uchun dasturda pul ajratilgan, keyingi yil ikkinchi qavati uchun pul ajratiladi. Endi bir yil davomida suvni qochirib ushlab turishimiz kerak. Buning uchun saqlov ishlarini qiladigan mutaxassislarimiz bor. Ular yo‘lning suvini qochirib turadi, keyingi yilgi dasturga tepasini bosib qo‘ysak, suv to‘g‘ri lotokka yoki ariqqa tushib ketadi”, – deydi mutaxassis.

Asfaltga qo‘shiladigan moddalar suv bilan chiqisha olmaydi. Suv yo‘l ustida uzoq muddat qolishi asfaltga jiddiy zarar yetkazadi. Ayniqsa, saqich suvda yorilib ketish xususiyatiga ega. Shuning uchun ham sovuq kunlarda yo‘llar ta'mirlanmaydi.

Qiziq jihati, aksariyat joylarda yo‘llar asfalt qilinayotganda lotoklarga suv tushishi hisobga olinmagan. Avval lotok qo‘yiladi, so‘ng undan pastroq qilib asfalt bosiladi.

Yo‘lni asfalt qilayotganda va beton ariqlarni o‘rnatayotganda mana shu jihatlarga e'tibor qaratib, suvni to‘g‘ri yo‘naltirish orqali asfaltning yaroqlilik muddatini uzoqroq qilishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Xo‘sh, sizning atrofingizdagi lotoklar balandmi yoki yo‘l?

Abduvali Qurbonov,

Azizbek Ismoilov.

Ko‘proq yangiliklar: