O‘zbekistonda quyosh radiatsiyasi parametri o‘lchanadigan meteostansiya yaratildi

O‘zbekiston 15:58 / 26.11.2021 1800

Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Innoweek-2021” texnologiyalar haftaligida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan yaratilgan meteostansiya namoyish qilindi. Institut katta ilmiy xodimi Jobir Ahadovning aytishicha, qurilma havoning namligi, harorati, shamol tezligi va yo‘nalishlari hamda quyosh radiatsiyasi parametrlarini o‘lchashga mo‘ljallangan.

“Hozirga qadar O‘zbekistonda meteostansiya ishlab chiqarilmagan, ya'ni xorijdan import qilingan. Biz yaratgan qurilma import o‘rnini bosadi. Ayni paytda meteostansiyani kichik seriyada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik”, deydi Jobir Ahadov.

Qayd etilishicha, uskunaning afzalligi - arzonligida. Masalan, Osiyo taraqqiyot banki orqali O‘zbekistonga 6ta meteostansiya 100 ming dollarga xarid qilingan bo‘lsa, uning yillik litsenziyasini uzaytirish 103 ming yevroni tashkil etadi. Ya'ni, meteostansiyaning narxidan uning litsenziyasini uzaytirish qimmat.

“Shu sababli, biz o‘zimizning dasturiy mahsulotni ishlab chiqdik va uning narxi 50 mln so‘m atrofida. Meteostansiyada shamol, quyosh, namlik qurilma datchiklari orqali informatsiya kompyuterga yig‘iladi. Uskuna orqali respublikaning turli nuqtalaridagi ma'lumotlarni bir joyga jamlash, barcha iqlimiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilib borish mumkin.

To‘g‘ri, hozircha datchiklarini chet eldan olamiz. Uskunaning o‘zi biz ishlab chiqqan dastur asosida ishlaydi. Kelgusida datchiklarni ham o‘zimizda ishlab chiqarish niyatimiz bor. Gidrometeorologiya markazi bazalarida mazkur meteostansiyalarni o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlar olib bormoqdamiz”, deya ma'lum qildi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi.

Ko‘proq yangiliklar: