O‘zbekistonda Nike va Adidas krossovkalari qachondan ishlab chiqarilishi aytildi

Iqtisodiyot 14:34 / 26.11.2021 17523

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi xitoylik investorlar bilan Nike va Adidas brendi ostida krossovkalar ishlab chiqarish borasidagi ishlar haqida Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Kelgusi yilning mart-aprel oylaridan boshlab Nike va Adidas brendlari ostida sport poyabzallari ishlab chiqarilishi boshlanadi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, shu yil oxiriga qadar Xitoydan O‘zbekistonga ikkita yuk mashinasida kerakli uskunalar yetib keladi. 2022 yilning yanvar oyida texnologiyalarni o‘rnatish jarayonlari nihoyasiga yetadi.

Loyihaning birinchi bosqichida yiliga 300 ming juft poyabzal ishlab chiqariladi. 2023 yildan boshlab ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich ortadi. Kompaniya Andijon viloyatida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni Rossiyaga eksport qilish bo‘yicha dastlabki shartnoma ham imzolagan.

Unga ko‘ra kompaniya Rossiyaga 120 ming juft poyabzalni yetkazib beradi.

Uyushma matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur loyiha amalga oshirilishi Rossiya va boshqa davlatlar uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham hamkorlik bo‘yicha faol muloqotlar olib borilmoqda. Mazkur brendlar ostida ishlab chiqariladigan poyabzallarni Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Qozog‘istonga ham yetkazib berish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Avvalroq, uyushma poyabzal zavodi Andijon viloyatida ishga tushirilishini ma'lum qilgandi.

Loyiha 2019 yil boshidagi  «Tianjin Zhongzhilihua» kompaniyasi bilan  «SinoInternational»  MChJ o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra amalga oshirilmoqda. Investor xitoylik Fan Rong Xuan hisoblanadi. U bevosita loyiha manbasi hisoblanib, u tomondan 12 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: