Navoiy viloyati hokimi Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan hamkorlik forumida ishtirok etmoqda

O‘zbekiston 22:26 / 26.11.2021 1407

Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov O‘zbekiston-Qozog‘iston Hududlararo hamkorlik forumida ishtirok etish maqsadida mamlakat delegatsiyasi bilan birga Turkiston shahrida bo‘lib turibdi. Bu haqda Kun.uz'ga viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Forumda Navoiy viloyati rahbari so‘zga chiqib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda transchegaraviy hududlar namuna bo‘lishi kerakligini ta'kidlagan. Navoiy viloyatining qozog‘istonlik hamkorlar bilan barcha yo‘nalishlardagi ikki tomonlama munosabatlari jadal rivojlanib bormoqda. Jumladan, joriy yilning o‘n oyida Navoiy viloyati korxonalarining Qozog‘iston kompaniyalari bilan tashqi savdo aylanmasi 2020 yilda tovar ayirboshlash hajmiga nisbatan 20 foizdan ko‘proq, mahsulot eksporti 2 barobar, importi esa 1,1 barobar o‘sgan.

Viloyat hududida Qozog‘iston sarmoyasi ishtirokidagi 10 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ular asosan to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlardan iborat. Qozog‘istondagi 3 ta savdo uyida esa Navoiy viloyati korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati

Forum doirasida 5 ta qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan eksport shartnomalarini imzolash bo‘yicha hamkorlar bilan kelishib olingan.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda Navoiy viloyatida 40 ming nafarga yaqin qozoq millatiga mansub aholi istiqomat qiladi va bu eng katta diaspora hisoblanadi. Viloyatning Uchquduq, Tomdi va Konimex tumanlari Qozog‘iston Respublikasi Qizilo‘rda viloyatining Qarmaqshi va Shiyeli, Turkiston viloyatining Shardara tumanlari bilan chegaradosh bo‘lib, umumiy chegara 620 kilometrni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: