Ikki nafar o‘g‘lim bor, ikkisini ham og‘ir tug‘ma xastalik qiynaydi – yolg‘iz va uysiz ona faryodi

Jamiyat 14:42 / 26.11.2021 6707

“Kenja o‘g‘lim Habibullo 1,5 yosh bo‘lganda bo‘yragida tosh borligini aniqlashdi. 8 yil shu kasallik bilan kurashdik, lekin bu poliyenefritni ham keltirib chiqardi. Shu orada 2016 yilda katta o‘g‘lim ham dardga chalindi – unga “Dolixokolon sindromi” degan tashxis qo‘yildi. Uni zudlik bilan operatsiya qilinishi kerakligini aytishdi. Lekin bunga imkoniyatim yo‘q edi. Chunki yolg‘iz onaman, ikki bolam ham o‘zimning qaramog‘imda”, – deya hikoyasini boshladi Dilnoza Sadirova.

Shu kenja o‘g‘limga 1,5 yoshligida buyragidagi nuqson aniqlanib, tashxis qo‘yilganda bolamning buyragini olib tashlashni tavsiya qilishdi. Lekin juda kichkinaligi uchun bu murakkab operatsiyaga mablag‘ kerak ekan. Afsuski, shu paytda erim bizni tashlab ketdi. Shunchaki eshikni yopdi-yu, chiqib ketdi. Bunday qilmasligini iltimos qilib ortidan yugurdim. Lekin bolani tanlolmasligini, o‘zining boshqa orzu-havaslari borligini aytdi.

Shundan so‘ng bolamda “Payra sindromi” ham aniqlandi. Payra sindromi – ichaklarning o‘z holatida joylashmasdan, betartib holda boshqa ichki a'zolarni bosib qolishi ekan. 8 soatlik operatsiya orqali ichaklarni o‘z holiga keltirish va 10 kunlik jonlantirish bo‘limida davolanish orqali tuzatish mumkinligini aytishgan, lekin buni amalga oshirishga qurbim yetmaydi. 3 yildan beri bu sindromga ham davolataman. Og‘riqlar qattiq azob berganda bolam bukchayib qoladi, lekin shunga qaramay “oyi, o‘tib ketadi” deya meni ovutishga harakat qiladi.

Bolamning tanasidagi bitta dard bir nechta bo‘lib azob beryapti. Hozir ikkinchi buyrak ham ishdan chiqa boshlagan, yuragi klapanlarida muammo paydo bo‘lgan. Shu darajaga keldiki, ichakdagi muammo hamma a'zolarni zararlayapti.

Ikki bolam ham tug‘ma xasta. Katta o‘g‘lim muolajalar olib muntazam davolanib yuribdi, lekin kichkina o‘g‘limning ahvoli kundan-kunga og‘irlashyapti.

Uy-joyim yo‘q, yoshligimda onam vafot etgan va otamning boshqa oilasi bor – ularga dardimni ko‘tarib borolmayman. Shu farzandlarim yashashini istayman, ulardan boshqa hech kimim yo‘q. Qo‘limda mablag‘im yo‘qligidan ninani ustida yashaganday yashayapman”, – deydi ona yig‘lab.

Bir emas, ikki xasta farzandlarining salomatligi uchun kurashayotgan bu ayol biz bilan birga, yonimizda yashaydi. Uning yolg‘iz emasligini anglatish uchun opa, singil, aka, uka, ota-ona bo‘lib qo‘llarimizni cho‘zaylik. Bir ayol, bir ona jamiyatdan umidlarini uzmasin.

Habibullo Nurillayevga oid ma'lumotlar:

O‘zkard: 8600 3329 3821 8728 onasi Dilnoza Sadirova nomida

Humo: 9860 0101 1094 2298 Dilnoza Sadirova

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: