13 yoshli homilador o‘quvchi voqeasi: kaltak maktab va mahalla boshida sinadimi?

Jamiyat 18:58 / 26.11.2021 145279

Kun.uz muxbirlari Samarqand shahridagi 63-maktabda hamda qiz yashaydigan mahallada bo‘lib, voqea tafsilotlari bilan tanishdi. 13 yoshida homilador bo‘lib qolgan qiz mazkur maktabning rus tili sinfida o‘qiydi.

1500 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktabda 2128 nafar o‘quvchi (!) ikki smenada ta'lim oladi.

Maktab direktori Surayyo Qo‘chqorovaning ma'lum qilishicha, qizning homiladorligini 19 noyabr kuni ularning uyiga mehmon bo‘lib kelgan xolasi aniqlagan va kerakli joylarga xabar bergan. 20 noyabr kuni UTT tekshiruvida 13 yoshli L.M.ning homiladorligi tasdiqlangan. Ayni paytda homila 23-24 haftalik ekani aytilmoqda.

Surayyo Qo‘chqorova. 63-maktab direktori

«Ayni kunlarda sovuqda bolalar maktabga qalinroq kiyinib kelishayotgani bois, uning ahvolini maktabda vizual aniqlash mumkin emasdi», deb tushuntirdi direktor.

Qiz bola yangi o‘quv yili boshlangach, 6 sentabr sanasidan maktabga muntazam qatnagan. Darsliklar olgan.

Qiz maktab rahbariyatiga onasi bilan 5 yildan buyon birga yashovchi erkak shu yil iyun oyida uning nomusiga tekkani, o‘shandan buyon bu harakat muttasil takrorlanganini aytgan.

Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi pedagogik-psixologik tashxis shu'basi mudiri Xurshid Roziqovning tushuntirishicha, bunday o‘quvchilarni nazoratga olishda ichkilikka ruju qo‘ygan, ota-onasi tomonidan zo‘ravonlikka uchragan, ota-onasi chet elda yashaydigan yoki vafot etgan kabi nobop oilalar toifasi tuzilgan.

Xurshid Roziqov, Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi pedagogik-psixologik tashxis shu'basi mudiri

«Nomusi toptalgan va homilador o‘quvchi qiz biryo‘la uchta toifaga to‘g‘ri keladi: onasi ichkilikka ruju qo‘ygan, otasi yo‘q, zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan. Maktab jamoasining aybi, bunday o‘quvchini ro‘yxatga olib, shahar hokimligi va ichki ishlar organlariga yordam berish masalasida xat bilan chiqish kabi zarur choralarni ko‘rmagan. Maktabda ro‘yxat shakllantirilgan, lekin aynan shu o‘quvchi yo‘q ro‘yxatda», — dedi Xurshid Roziqov.

Tahririyat surishtiruviga ko‘ra, onasi ichkilikka ruju qo‘ygani bilan, qizning xarakteri juda bosiq. Hech qachon xulqida tarbiyasizlikni namoyon etmagan.

Hozircha muvaqqat chora sifatida qiz o‘qigan sinfning sinf rahbari vazifasidan ozod qilingan, lekin o‘qituvchilikdan haydalmagan.

Samarqand shahar xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i v.b. Azimjon Soliyev vaziyat puxta o‘rganilayotgani va kerakli xulosa chiqarilishini aytib o‘tdi.

Samarqand shahar xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i v.b. Azimjon Soliyev

«Mahalla vakillari bilan gaplashganimizda, rais 2018 yildan buyon qizning onasini onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha tegishli dalolatnomalar tuzib, shahar hokimligiga murojaat qilishganini aytib o‘tdi.

Albatta, bu juda xunuk voqea. Sha'nimizga to‘g‘ri kelmaydigan holatga duch kelib turibmiz», — dedi A.Soliyev.

«Tojmahal» MFYda joylashgan ikki xonali kvartirada qiz onasi va 10-sinfda o‘qiydigan akasi bilan yashaydi. Uning ota-onasi ajrashgan. Ikki xonali uyda, shuningdek, xotinidan ajrashgan tog‘asi ham o‘z farzandlari bilan yashar ekan.

Mahallada 39-maktab bor, lekin bu maktabda rus tilida o‘qitiladigan sinf yo‘qligi tufayli L.M. uzoqroqdagi 63-maktabga qatnagan.

39-maktab

Mahallada bugungi kunda 1100ta xonadonda 1600dan ziyod oila yoki 3500 nafarga yaqin odam istiqomat qiladi.

Mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Obidjon Hamdamov oilaning tarixi haqida hikoya qilib berdi.

Obidjon Hamdamov, Samarqand shahridagi «Tojmahal» mahalla fuqarolari yig‘ini raisi

«Shu mahallaga rais bo‘lganimga 12,5 yil bo‘ldi. Qariyb 10 yildan buyon shu oila bilan shug‘ullanamiz. Onasi eridan ajralgan. Ichkilikka ruju qo‘ygan. Voyaga yetmagan ikki farzandi bor. Ularning tarbiyasidan xavotir olib, mahalla profilaktika inspektorimiz Shuhrat Sa'dullayev bilan 2018 yildan buyon onasi V.M.ni onalik huquqidan mahrum etish bo‘yicha hujjat to‘plab, uch marta shahar hokimligiga taqdim etganmiz.

Kuni kelib mana shunaqa voqea ro‘y berishidan qo‘rqqan edik. Biz o‘z vakolatimiz doirasida hamma ishni qilganmiz. Endi kaltak kelib yana bizning boshimizda sinadigan ko‘rinadi», — deydi mahalla raisi.

Mahallada to‘plangan dalolatnoma va hujjatlar

Mahalla raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Marhabo Hamroyevaning aytishicha, oila avval «temir daftar»ga kiritilgan. Hozir «ayollar daftari»dan o‘rin olgan. Bir necha bor ona V.M.ga ish topib berilsa ham ishlamasdan kelmoqda. Ayol boqimandalikka yo‘liqqan, pul talab qilib faqat mahalla rahbarlari ustidan yuqori turuvchi idoralarga arz qilib keladi.

Qizning onasi V.M.

Surunkali ichkilikbozlikka yo‘liqqan ona Jomboydagi narkologiya dispanseriga joylashtirilgan. Ertasi kuni u yerdan qochib kelgan. So‘ng bugun yana joylashtirilgan. L.M. esa xolasining qaramog‘iga topshirilgan.

Qizning onasi V.M.ning tanishi F.D.ga nisbatan Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

L.M. xolasining qo‘liga topshirildi.

Holatni o‘rganar ekansiz, mushohadaga chorlovchi g‘alati vaziyat yuzaga kelganini anglash mumkin. O‘quvchi qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik yozgi ta'til chog‘ida ro‘y bergan. Bunda maktab jamoasini ayblashga asos bormi? Mahallani-chi?

Mahalladagilar kutilajak falokatni sezib, o‘z vakolatlari doirasida harakat qilishgan. Lekin onani onalik huquqidan mahrum qilish masalasini sud oldiga ko‘ndalang qilishi kerak bo‘lgan shahar hokimligi nega o‘z vazifasiga panja orasidan qaragan? Prokuratura nega jim?

«Mana shunday holatlarga duchor bo‘lmaslik maqsadida tunda mahalla hududida sayoq yurgan yoshlarga tanbeh berganimiz uchun arz qilishdi va yuqori organlar bizni o‘sha yoshlar va oilalardan kechirim so‘rashga majbur qilishdi. Endi bunday voqea ro‘y bersa, yana biz aybdor bo‘lamizmi? Bu holatda mahalla yig‘inining obro‘yi qoladimi?» — deydi mahalla raisi.

Agar shahar hokimligi va prokuratura organlari mahalla tomonidan tayyorlangan hujjatlarga, berilayotgan tashvishli signallarga o‘z vaqtida e'tibor berib, L.M.ning onasi onalik huquqidan mahrum etilib, qiz internatga yoki biror vasiy qo‘liga topshirilganida bugungi sharmandalik yuz bergan bo‘larmidi?

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: