2022 yilda soliq siyosatida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Iqtisodiyot 18:41 / 25.11.2021 41819

Hisob palatasi “Budjetnoma”ni tahlil qildi. Undan soliq siyosatida, har bir soliq turi bo‘yicha o‘zgarishlar ham joy oldi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i

Amaldagi soliq stavkasi 15 foiz miqdorida saqlab qolinadi.

Tushum hajmidan qat'i nazar quyidagilar hisobiga QQS to‘lovchi korxonalar toifasi kengaytiriladi:

  • sug‘oriladigan yerlari 25 gektardan ortiq bo‘lgan fermer xo‘jaliklari;
  • soliq maslahatchilari tashkilotlari va auditorlik tashkilotlari;
  • notijorat, shu jumladan budjet tashkilotlari.

QQS bo‘yicha qanday imtiyozlar bekor bo‘ladi?

Soliq kodeksi bilan berilgan jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari xizmatlari (bundan budjetdan moliyalashtiriladigan mustasno), shuningdek, sport inshootlari, ommaviy-madaniy tadbirlarni tashkil etishdan daromadlar qismida hamda qat'iy ko‘rsatiladigan bank xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinmoqda.

Aksiz solig‘i

Aksiz solig‘i stavkalari 2022 yil 1 iyundan o‘rtacha 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.

(Qat'iy stavkalar har yili indeksatsiya qilinadi (inflatsiya indeksiga)

Aksiz bo‘yicha asosiy o‘zgarishlar:

  • Tamaki mahsulotlari importiga aksiz solig‘i stavkasi 2022 yil 1 yanvardan 10 foizga;
  • Alkogol mahsulotlari importiga 2022 yil 1 iyundan 10 foizga;
  • 2022 yil 1 yanvardan alohida turdagi tamaki mahsulotlariga (chilim uchun tamaki, chekiladigan, o‘rama tamaki, qizdiriladigan tamaki, nikotinli tamakisiz snyus, tarkibida nikotin mavjud bo‘lgan suyuqlik) importiga aksiz solig‘i stavkasi 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda;
  • Respublikada ishlab chiqarilgan va import qilingan benzin uchun yagona soliq stavkasi belgilanmoqda;
  • Suyultirilgan gazga aksiz solig‘i stavkasi bekor qilinmoqda (amalda 30 foiz);
  • Polietilen granulalariga aksiz solig‘i stavkasi 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirilishi belgilanmoqda;
  • Polietilen granulalar importida ham aksiz solig‘i joriy qilinmoqda.

Foyda solig‘i

Foyda solig‘i stavkasini 15 foiz miqdorida va dividendlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha soliq stavkasi 5 foiz miqdorida saqlab qolinmoqda.

Foyda solig‘ida nimalar o‘zgaradi?

Amortizatsiyaning yillik eng yuqori normasini:

  • binolar uchun 3 foizdan 5 foizgacha;
  • inshootlar uchun 5 foizdan 10 foizgacha;
  • uzatish qurilmalari;
  • kuch mashinalari va asbob uskunalari uchun 8 foizdan 15 foizgacha;
  • faoliyat turlari bo‘yicha ish mashinalari va asbob-uskunalar uchun 15 foizdan 20 foizgacha;
  • kompyuter, ma'lumotlarni qayta ishlash uskunalari uchun 20 foizdan 40 foizgacha oshirilmoqda.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i

Ushbu soliq stavkasi 12 foiz miqdorida va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadigan daromadlaridan fuqarolarning ShJBPH (Shaxsning jamg‘arib boradigan pensiya hisobi)ga o‘tkaziladigan ajratmalari miqdorining 0,1 foizi miqdorida saqlab qolinmoqda.

Yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq

  • Yer qa'ridan foydalanuvchilarning kapital xarajatlarini hisobga olgan holda yangi konlarda neft, tabiiy gaz, gaz kondensati, qimmatbaho, rangli, nodir va radioaktiv metallarni qazib olish (ajratib olish)ni amalga oshiruvchi yer qa'ridan foydalanuvchilar uchun renta daromadi solig‘i joriy etilmoqda;
  • Renta daromad solig‘i investitsiya kiritilganda, metallar yoki uglevodorod xomashyosini realizatsiya qilishdan olingan daromad va ularni qazib olish (ajratib olish) bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xarajatlar chegirilgan holda (uch yildan keyin) to‘lanadi;
  • Yangi neft va gaz quduqlari, sanoat usulida foydalanishga topshirilgan oydan boshlab, dastlabki ikki yil davomida mol-mulk solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi, keyingi uch yilda ushbu soliq uchun belgilangan soliq stavkasining 50 foiziga kamaytirilgan stavka qo‘llanadi;
  • Yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini neft va tabiiy gaz bo‘yicha 10 foizgacha (amalda neft 20 foiz, tabiiy gaz 30 foiz), oltin va mis uchun 7 foizgacha (amalda oltin 10 foiz, mis 10 foiz), volfram konsentrati uchun 2,7 foizgacha (amalda 10,4 foiz) va uran uchun 8 foizgacha (amalda 10 foiz) kamaytirilmoqda (Bunda, davlat ulushiga ega korxonalar NKMK, OKMK va O‘zbekneftgaz uchun amaldagi soliq stavkalari saqlab qolinishi ko‘zda tutilmoqda);
  • 2022 yil 1 yanvardan boshlab sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 1 tonna ohaktosh uchun yer qa'ridan foydalanganlik uchun 14 soliqning stavkasini ikki baravarga kamaytirgan holda 22 500 so‘m/tn (amalda 45 000 so‘m/tn) miqdorida belgilanmoqda.

 Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq. Ushbu soliq (qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun belgilangan stavkalardan tashqari) stavkalarini inflatsiya darajasida 1,1 baravarga iqtisodiyotning barcha tarmoqlari korxonalari (sanoat korxonalari, elektr stansiyalari va kommunal xo‘jaligi bundan mustasno) va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa 1,3 baravarga indeksatsiya qilinmoqda;

  • Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun belgilangan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 40 so‘m, shu jumladan soliq stavkasiga suv yetkazib beruvchilar tomonidan yetkazib berilgan suv hajmi xarajatlarini qoplash uchun 1,05 koeffitsiyent qo‘llash tartibi saqlab qolinmoqda;

Mol-mulk solig‘i

  • Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi amaldagi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytirilmoqda;
  • Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan pasaytirilgan soliq stavkasi 0,4 foizdan 0,5 foizga o‘zgartirilmoqda;
  • Soliq solish maqsadida binolar bo‘yicha soliq bazasi quyidagi miqdorlarda 1 kv metr uchun mutlaq qiymatda belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lishi mumkin emasligi joriy etilmoqda:
  • Toshkent shahrida – ikki million besh yuz ming so‘m
  • Nukus shahri va viloyat markazlarida – bir million besh yuz ming so‘m;
  • qolgan hududlarda – bir million so‘m etib belgilanmoqda.

Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i

Ushbu soliq stavkalari 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.

Yer solig‘i

  • Yuridik shaxslardan olinadigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer solig‘ining bazaviy stavkalari o‘rtacha 1,07 baravarga indeksatsiya qilinmoqda;
  • Yuridik shaxslardan olinadigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer solig‘i stavkalariga qo‘llaniladigan pasaytiruvchi 0,25 koeffitsiyent 0,3 etib belgilanmoqda;
  • Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalari o‘rtacha 1,07 baravarga indeksatsiya qilinmoqda;
  • Qishloq xo‘jaligi korxonalari yer solig‘i qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining normativ qiymatiga nisbatan belgilangan 0,95 foiz soliq stavkasi saqlab qolinmoqda.

Ijtimoiy soliq

Soliq stavkasi budjet tashkilotlari uchun 25 foiz, boshqa soliq to‘lovchilar uchun 12 foiz miqdorida saqlab qolinmoqda.

Aylanmadan olinadigan soliq

Aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy stavkalari 2021 yil darajasida (4 foiz) saqlab qolinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: