Birjada benzin arzonlashishi shoxobchalardagi narxlarni pasaytirmayapti. Nega?

Iqtisodiyot 22:12 / 22.11.2021 39442

Yil boshidan buyon AI-80 benzini o‘rtacha sotish kotirovkalari 5 mln 811,8 ming so‘mdan, 10 mln 5 ming so‘mgacha yoki 72 foizga qimmatlashgani ma'lum qilingandi. Bu yil boshidan beri ommaviy talabga ega eng qimmatlashgan mahsulot hisoblanadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev esa bu holatni ikki omil bilan izohlagandi.

Birinchi omil, ichki talab o‘sishi va jahon bozorlarida narxlar o‘zgarishi.

Ma'lum qilinishicha, avtomobil benziniga bo‘lgan talab oxirgi ikki yilda 1,1 mln tonnadan 1,3 mln tonnaga oshgan. Bu esa talab va taklif o‘rtasida nomutanosiblik paydo qilmoqda. Mamlakat ichkarisidagi korxonalarning ehtiyojlarni to‘liq qondirish imkoniyati mavjud emasligi oxirgi oylarda qayta-qayta takrorlandi. Demak, narxlarni pasaytirish uchun import imkoniyatlaridan ko‘proq foydalanish kerak. Ammo O‘zbekistonga chetdan neft va neft mahsulotlarini import qilish juda murakkabligicha qolmoqda.

Iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning fikricha, benzin importi aholi va transport vositalari sonining o‘sish sur'atiga mos kelmagan darajada o‘sib boryapti.

«Import qilishga majburmiz. Chunki bizda iste'molga yetarli darajada neft mahsulotlari yo‘q. Birdan bir chora import. To‘g‘ri, yangi konlarni qidirib topib, ularni ishga tushirish mumkindir, lekin bu tezda hal bo‘ladigan ish emas.

Import qilish uchun esa korxonalar maxsus litsenziya olishi kerak. Buning uchun juda og‘ir talablar qo‘yilgan. U talablarni bajarishning o‘zi murakkab. Bajarilgan taqdirda ham u talablarga rioya qilishda ayrim muammolar bor.

O‘zbekiston bilan atrofdagi regional bozorlardagi benzin narxlari juda katta farq qiladi. Agar shu mahsulotlar Turkmaniston, Qozog‘iston yoki Rossiyadan bevosita cheklovlarsiz olib kirilsa, o‘ylaymanki, narxlar tezda tushib ketardi. Haqiqiy raqobatbardosh bozor bo‘lsa, narxlar pasayadi albatta», deydi iqtisodchi.

Demak, benzin narxi oshib ketishiga bozordagi sun'iy cheklash bevosita ta'sir ko‘rsatgan.

Ma'lumot uchun, Globalpetrolprices.com sayti tahlillariga ko‘ra, 15 noyabr holati bo‘yicha 1 litr sifatli benzin narxi Turkmanistonda 4598 so‘mni, Qozog‘istonda 4937 so‘mni, Rossiyada 7499 so‘mni, Qirg‘izistonda 7916 so‘mni tashkil etgan. O‘zbekistonda esa 10 151 so‘m ekani qayd etilgan. Narxlar solishtirilganda ko‘rish mumkinki, O‘zbekistonda benzin narxi Turkmaniston va Qozog‘istonga nisbatan ikki barobar qimmat.

Keyingi sabab sifatida jahon bozoridagi narxlar oshishi asos sifatida keltirilmoqda. Lekin o‘tgan yilning aprel oyi oxiri may oyi boshida eng sifatli Brent markali neft narxi 22-25 dollar bo‘lgan paytda ham O‘zbekistonda sifatli benzin narxi 2500 – 3000 so‘mgacha pasaymadi. Hattoki, AI-80 markali benzin narxi ham «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov va'da qilganidek 4000 so‘mdan arzonlashmadi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta'kidlashicha, neft arzonlaganda arzonlashmaydigan, neft qimmatlashsa qimmatlashadigan AI-80ni Brent’ga bog‘lash mantiqan noto‘g‘ri.

«AI-80 benzini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan va O‘zbekistonda qazib olinadigan neftning umumqabul qilingan markasi mavjud emas. Shimoliy dengizda qazib olinadigan va eng oliy nav hisoblanadigan Brent tipidagi neftdan farqli o‘laroq O‘zbekiston nefti og‘ir va tarkibida oltingugurt miqdori juda yuqori hisoblanadi. Solishtirish uchun eng yaqini deb hisoblasak, masalan, Turkmen blend navi Brent’ga nisbatan 20 foizgacha diskont bilan sotiladi. Boshqacha aytganda, AI-80 benzini 82 dollarlik Brent tipidagi neftdan emas, nari borsa bozor narxi 65 dollarlik o‘zbek neftidan ishlab chiqariladi», deydi u.

Ikkinchi omil sifatida ayrim ishlab chiqaruvchilarning ichki bozordagi monopol mavqeyi saqlanib qolayotgani sabab birja savdolarida mayda yoki o‘rta xaridorlar imkoniyati cheklangani keltirib o‘tilgan.

Birja savdolarida benzin yirik lotlarda, ya'ni 60 tonnadan ortiq miqdorda qo‘yilishi mayda xaridorlar imkoniyatini cheklab qo‘ygan. Oxirgi haftadagi savdolarda esa 1 tonnalik lotlar ulushi 6 foizdan 30 foizgacha oshirilishi sabab xaridorlar soni 32dan 143gacha, ya'ni 4,5 barobarga o‘sgan. Natijada narxlar 9,5 foizga pasaygan.

Kun.uz o‘tkazgan surishtiruvlarga ko‘ra, birjadagi narxlar pasayishi yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlarga deyarli ta'sir qilgani yo‘q. Qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsak, iste'molchilar cho‘ntaklari narx tushganini sezmadi.

Yana bir jihatga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, nima uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi pichoq borib suyakka qadalgunga qadar birjadagi narxlar sun'iy ravishda ko‘tarilishining oldini olish uchun bozorni to‘yintirish, arzon narxlar asosida kichik xaridorlarga ham imkoniyat berish masalasiga e'tibor qaratmadi. Bu jarayonlarni muttasil ravishda kuzatib borish, o‘rganishlar o‘tkazish qo‘mitaning funksial vazifasi emasmi?

Geografik va narx-navo faktorlarini ham inobatga oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston uchun Qozog‘istondan benzin import qilish eng qulay hisoblanadi. Buni 2020 yildagi statistik ma'lumotlar ham isbotlaydi. Ammo oxirgi 6 oydan ziyod vaqtdan beri Qozog‘iston hukumati chetga benzin eksport qilishga cheklov o‘rnatdi. Hukumatning mas'ul idoralari esa import geografiyasini kengaytirish uchun o‘tgan katta davr mobaynida aniq chora-tadbirlar amalga oshirgani haqidagi ma'lumotlarga duch kelmadik.

Yuqori benzin narxi iqtisodiyot uchun juda ham xatarli. Chunki benzin narxi oshishi proporsional tarzda iste'molni kamaytirmaydi va barcha tovar va xizmatlar bahosiga bosim o‘tkazadi. Yonilg‘i energetika resurslari narxlari o‘sishi bilan birinchi navbatda oziq-ovqat, keyin xizmatlar narxlari qimmatlashishi mumkin.

Doston Ahrorov

Ko‘proq yangiliklar: