Yangi Captiva’ga shartnomalar bekor qilinayotgani haqida xabar tarqaldi. Kompaniya rasmiy bayonot bermayapti

Iqtisodiyot 18:02 / 14.11.2021 54226

Telegramdagi Kurbanoff.net kanali muallifiga murojaat qilgan avtomashina xaridorining hikoya qilishicha, unga avtosalondan qo‘ng‘iroq qilib, yangi Captiva yetkazib berilmasligini ma'lum qilishgan. Buni yangi mashina bizning mintaqamizga to‘g‘ri kelmasligi bilan izohlashgan.

Endi xaridor avtosalonga kelib ariza yozib mashinani boshqa qimmatrog‘iga almashtirib, qo‘shimcha to‘lov qilishi yoki arzonrog‘iga (aniqrog‘i, Tracker’ga) almashtirib, ikki oy davomida to‘lovdagi farqni qaytarib olishi, yoki umuman shartnomani bekor qilib pulini qaytarib olishi (yana biroz sabr qilgan holda) mumkinligini ham tushuntirishgan.

Xaridor buni hazil deb o‘ylab, qo‘ng‘iroq qilgan odamni urishib bergan. So‘ngra unga yana bir qo‘ng‘iroq bo‘lgan va o‘zini UzAuto’danman deb tanishtirgan kishi yuqoridagi shartlarni takrorlagan.

«Mijoz endi chuqur taajjubda va nima qilishini bilmayapti. Monopoliyaga qarshi kurashish agentligi ham bu borada yordam berolmasligi aniq», deb yozadi bloger.

Eng hayratlanarlisi, tuzilgan shartnomada avtomobilni yetkazib berish sanasi — 2022 yil fevraldan tashqari, avtomobilni yetkazib berishning so‘nggi muddati — 2022 yil sentabr ham bor.

Foto: Kurbanoff.net

Bloger Captiva uchun to‘lov qilgan bir necha kishiga qo‘ng‘iroq qilib surishtirgan. Ularga ham avtosalonlardan shunday qo‘ng‘iroqlar bo‘lganini tasdiqlashgan. Lekin eng birinchi bo‘lib to‘lov qilganlarga mashina yetkazib berishi mumkinligiga ham umid qoldirishgan.

Eng qizig‘i, hali yetkazib berilishi noma'lum bo‘lgan avtomashinalarga kredit yoki lizing shartnomasi imzolab, hozirdan oyma-oy to‘lov qilib yurganlar ham bor ekan.

Kun.uz muxbiri suhbatlashgan xaridorlardan biri ham buni tasdiqladi. Tahririyat bu masalada o‘z surishtiruvini boshladi.

UzAuto Motors hozircha paydo bo‘lgan vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat e'lon qilgani yo‘q.

Avvalroq yangilangan Chevrolet Captiva avtomobili uchun shartnoma tuzish boshlangach, ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil narxi o‘zgarishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgan va UzAuto Motors kompaniyasi shartnomadagi ko‘rsatib o‘tilgan band bo‘yicha o‘z rasmiy munosabatini bildirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: