Turkiy kengashga a'zo davlatlar o‘rtasida bojxona tartiblari standartlashtiriladi

Iqtisodiyot 12:24 / 13.11.2021 13277

12 noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a'zo-mamlakatlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush hamda Ozarboyjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston savdo vazirlari qatnashdi.

Uchrashuvda investitsiyaviy muhitni tizimli takomillashtirish bo‘yicha mustahkam qonunchilik bazasini yaratish muhimligi qayd etilgan.

«Uchrashuv ishtirokchilari mintaqa ichida va transchegaraviy savdoni rivojlantirish orqali turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rishni qo‘llab-quvvatladi. Turkiy kengashga a'zo davlatlar o‘rtasida imtiyozli va erkin savdo rejimlarini o‘rnatish, me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, bojxona tartib-taomillarini standartlashtirish hamda mavjud tarif va notarif to‘siqlarni olib tashlash ishlari ham jadallashtiriladi», deyiladi rasmiy axborotda.

Shuningdek, rasmiylar Turkiy kengashga a'zo mamlakatlar ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari uchun muntazam ravishda biznes forumlar o‘tkazish hamda mintaqa mamlakatlarining transport-logistika infratuzilmasini kengaytirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etishga alohida e'tibor qaratdi.

Tadbir yakunida Kengashga a'zo davlatlar tadbirkorlari va eksportchilari bevosita o‘zaro hamkorlik qilishlari uchun yagona elektron savdo maydonchasini yaratish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishildi.

Turkiy kengashga a'zo mamlakatlar 2022 yil sentyabrida O‘zbekistonda «Yashil energetika» xalqaro forumi, Kengashga a'zo mamlakatlarning yoshlar vakillari ishtirokida har yili Yosh tadbirkorlar forumini o‘tkazishga kelishildi.

Ko‘proq yangiliklar: