O‘zbekiston | 18:21 / 28.10.2021
4173
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari agentlari faoliyatiga o‘zgartirish kiritiladi

Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda agentlar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Foto: Kun.uz

Loyiha Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda ularni olis va chekka hududlarda ko‘rsatish maqsadida ishlab chiqilgan.

O‘zgartirishlar xususiy tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish bilan bog‘liq. Xususan, yangi nizom davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yakka tartibdagi tadbirkorga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish tartibini belgilaydi. Amaldagi nizom tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini tartibga soladi.

Talabgorga sertifikat vakolatli organ tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha malaka oshirish kursi va malaka imtihoni natijalariga ko‘ra 2 yil (3 yil o‘rniga) muddatga beriladi.

Talabgorlarga qo‘yiladigan talablar to‘ldirildi, xususan:

  • binoning tegishli hududdagi davlat xizmatlari markazlari va filiallaridan kamida 5 km uzoq masofada joylashganligi;
  • talabgor uchun alohida binoning yoki uning qismining mulk huquqi (ijara huquq, tekin foydalanish huquqi) asosida tegishliligini tasdiqlovchi hujjat mavjudligi;
  • insofsiz ijrochilarning yagona reyestrida qayd etilmaganligi.

O‘quv kurslari Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan, talabgorlar tanlagan xizmatlar turlari bo‘yicha 60 soatlik o‘quv dasturi (hozir 40 soatlik dastur) asosida onlayn shaklda tashkil etiladi.

O‘quv kurslarida qatnashish uchun to‘lov miqdori o‘quv markazlari tomonidan mustaqil belgilanadi. Biroq, ushbu summa har bir talabgor uchun BHMning 5 baravaridan oshmasligi lozim.

Mavzuga oid