Qirolicha Yelizaveta II tunni shifoxonada o‘tkazdi

Jahon 15:08 / 22.10.2021 5651

«Tibbiyot xodimlari bir necha kun dam olishni tavsiya etishganidan keyin qirolicha ma'lum tekshiruvlardan o‘tish uchun shifoxonaga bordi. Bugun u Vindzor qal'asiga qaytdi va a'lo kayfiyatda kunni o‘tkazmoqda», deyilgan Bukingem saroyi xabarida.

Qirolichani London markazidagi Qirol Eduard VII nomidagi xususiy tibbiy markaz shifokorlari ko‘rib qo‘yishgan - bu markaz Vindzordan 32 kilometr masofada joylashgan. Xabar qilinishicha, qirolichaning shifoxonaga borishi koronavirus bilan bog‘liq bo‘lmagan.

Xabarlarga ko‘ra, Yelizaveta II tunni shifoxonada o‘tkazishi amaliy ishlar bilan bog‘liq. Payshanba kuni kechqurun u qaytgan va Vindzordagi ishlarini davom ettirishga kirishgan.

Ayni vaqtda 95 yoshda bo‘lgan Yelizaveta II chorshanba kuni Shimoliy Irlandiyaga ikki kunlik safarini boshlashi rejalashtirilgandi, ammo shifokorlarning tavsiyasi bilan bu tashrif qoldirildi.

Qirolicha oktabr oyi oxirida Glazgoda o‘tkaziladigan COP26 global iqlim konferensiyasida ishtirok etishi kutilmoqda.

So‘nggi kunlarda Yelizaveta II qator marosimlarda ishtirok etgan, seshanba kuni kechqurun Vindzor qal'asida Global investitsiya sammitini ochib bergandi. O‘sha kuni kunduzi esa Yaponiya va YeIdan elchilarni qabul qilgandi. Dushanba kuni qirolicha Yangi Zelandiyaning yangi general-gubernatori bilan virtual audiyensiya o‘tkazgan, dam olish kunlarida Askotdagi otlar poygasini tomosha qilishga borgandi.

Bundan avvalroq, 2021 yilning aprelida 95 yoshni qarshilagan Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II Angliyaning The Oldie jurnali tomonidan topshiriladigan «Yil kampiri» mukofotini olishdan bosh tortdi. Qirolicha ushbu mukofot uchun o‘zini juda yosh his qilishini aytgan. 

Shuningdek, shifokorlar qirolichaga spirtli ichimliklarni muntazam iste'mol qilishdan voz kechishni va tadbirlarda ichmaslikni tavsiya qilgani haqida xabar berilgandi. 

Qirollik saroyidagi manbalar qirolicha bu tavsiyani jiddiy qabul qilib, spirtli ichimliklardan butunlay voz kechishga qaror qilganini aytishgan. Biroq ilgari ham uni ko‘p ichadi deb bo‘lmasdi. Endi u hatto sevimli «Martini» kokteyllaridan voz kechdi va faqat Malvern suvini ichmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: