Koronavirusga qarshi kurashish uchun ajratilgan 3 trln so‘m sarflab bo‘lingan. Yana 1,3 trln so‘m ajratiladi

Iqtisodiyot 16:05 / 22.10.2021 12924

Senatning XX yalpi majlisida “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

“Pandemiya munosabati bilan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlari oldini olishga qaratilgan tadbirlar uchun rejalashtirilgan 3,0 trln so‘m mablag‘ joriy yilning shu davriga qadar to‘liq o‘zlashtirilgan. Yil oxirigacha ayni yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilishini hisobga olgan holda 1,3 trln so‘m mablag‘ qo‘shimcha ravishda ajratish ko‘zda tutilyapti. Bu budjet parametrlari doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablag‘lardan tashqari pullar hisoblanadi”, deya Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat axborot xizmatiga ko‘ra, qo‘shimcha ravishda ajratiladigan 1,3 trln so‘m hisobidan koronavirusga qarshi kurash tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot va boshqa xodimlarga ish haqi, qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari uchun — 533 mlrd so‘m, dori-darmon vositalari, gigiyena va zararsizlantiruvchi vositalar uchun – 273 mlrd so‘m hamda vaksina sotib olish xarajatlari uchun – 405 mlrd so‘m sarflanadi.

Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham yana qo‘shimcha 489 mlrd so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘larning 238 mlrd so‘mi Oilaviy shifokorlik punktlari uchun, 100 mlrd so‘mi nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada yaxshilash uchun va 60 mlrd so‘mi onkologiya yordamini takomillashtirish va xizmatini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.

“Hozirgi paytda nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda koronavirus pandemiyasi to‘liq chekingani yo‘q. Shu bois ham aholi salomatligini saqlash va koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish Senat va hukumatning oldida turgan eng muhim vazifa hisoblanadi. Majlisda aytib o‘tildi, 2021 yil budjet parametrlarida ayni shu yo‘nalish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilyapti. Kuz mavsumida koronavirus infeksiyasidan tashqari gripp tarqalishi ehtimolini inobatga oladigan bo‘lsak, 1,3 trln so‘mning 405 mlrd so‘mi aynan vaksina sotib olishga yo‘naltirilishi juda ham o‘rinli deb hisoblayman”, deya qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlagan senator Malika Qodirxonova.

Shavkat Mirziyoyev iyun oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida koronavirusga qarshi kurashga 80 trln so‘m mablag‘ ketganini aytgandi.

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2020 yil ijrosi bo‘yicha Senatga hisobot bergan moliya vaziri Timur Ishmetov 2020 yilda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga 7,7 mlrd dollar xarajat qilingani va bu O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotiga nisbatan qariyb 13,3 foizni tashkil etishini ma'lum qilgandi.

So‘nggi ikki yilda OAVda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash, infeksiya tarqalishining oldini olish uchun davlat budjeti va jamg‘armalardan ajratilayotgan mablag‘larni maqsadsiz sarflash, noqonuniy yo‘llar bilan o‘zlashtirish va talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar ko‘p marta yoritildi. Xususan, Andijon viloyati SEOMda 159 million so‘mlik, Qashqadaryo viloyati SEOMda qariyb 918 million so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani xabar berilgan edi. Bundan tashqari, Navoiy viloyati SEOM mansabdor shaxslari Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan ajratilgan 500 million so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi SEOMni ta'mirlash ishlarida 189,2 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan. Namangan viloyat SEOM mansabdor shaxslari esa 250 million so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgan, shuningdek, mazkur SEOM iqtisodchisi 40 million so‘m pora bilan qo‘lga tushgan. O‘zlashtirilgan mablag‘larning umumiy miqdori, ushbu pullar qaytarilgan yoki qaytarilmaganiga doir rasmiy statistika mavjud emas.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsud Qurbonboyev Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan har bir bemorga qancha pul sarflanayotgani, qancha shifokor himoya vositasi bilan ta'minlangani, qanchasi kasallangani, qayerda shifokorlar yetishmayotganini yashirmasdan ochiq aytishi kerakligini ta'kidlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: