O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari hajmi kamaydi

Iqtisodiyot 16:05 / 20.10.2021 16428

Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, 1 oktabr holatida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 34,41 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 1 sentabr holatiga ko‘ra 35,43 mlrd dollar bo‘lgan. Raqamlar o‘tgan oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 1,02 mlrd dollarga kamayganini ko‘rsatmoqda.

Bunga quyidagi omillar ta'sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin:

Birinchidan, zaxiralarning keskin kamayishiga jahon bozorida oltin narxi pasaygani sabab bo‘lganini taxmin qilish mumkin. Chunki o‘tgan bir oy davomida oltin hajmi 12,1 million troya unsiyadan 12,3 million troya unsiyaga (taxminan 6,22 tonna) ko‘paygan bo‘lsa-da, uning qiymati 21,87 milliard dollardan 21,34 milliard dollarga pasaygan. Ma'lumot uchun, 1 sentabr holatiga ko‘ra, 1 unsiya oltin narxi 1814 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 1 oktabr kuni bu ko‘rsatkich 1753 dollargacha arzonlashgan.

Ikkinchidan, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari qariyb 480 mln dollarga kamaygan. Buning aniq sabablari esa keltirib o‘tilmagan.

2021 yildagi umumiy holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, yil boshidan beri O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 490 mln dollarga kamaygan (1 yanvar holatida 34,9 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 1 oktabr holatida 34,41 mln dollar). Bunda xorijiy valuta zaxiralari 2 mlrd 353 mln dollarga pasaygan bo‘lsa, quyma shakldagi monetar oltin qiymati 1 mlrd 128 mln dollarga (oltin miqdori 49,76 tonna) oshgan. O‘zbekiston yil boshidan beri deyarli oltin eksport qilmadi. Zaxiralardagi oltin hajmi faqatgina aprel oyida 0,3 mln troya unsiyaga kamaygan.

Oltin-valuta zaxiralarini hisoblash metodikasi Xalqaro valuta jamg‘armasi standartlari asosida yuritiladi. O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari tarkibining juda katta qismi xorijiy valuta aktivlari va quyma shakldagi monetar oltindan iborat.

Ko‘proq yangiliklar: