Facebook, Google, Apple va Yandex 9 oyda O‘zbekistonga qancha soliq to‘lagani ma'lum bo‘ldi

Iqtisodiyot 23:19 / 14.10.2021 43488

O‘zbekistonda 2021 yilda 9 ta xorijiy kompaniya QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatga olindi. Bular – Vaskiani Ventures Limited (Kipr), Google Cloud EMEA Limited (Irlandiya), Spotify (Shvetsiya), Adobe (Irlandiya), DELSE, Inc. (AQSh), Scribd, Inc. (AQSh), LinkedIn Ireland Unlimited Company (Irlandiya), Google LLC (AQSh) va Microsoft Ireland Operations Limited (Irlandiya).

Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2 yilda doimiy vakolatxonasiga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslarga elektron xizmat ko‘rsatuvchi 28 ta xorijiy kompaniya soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Booking.com B.V, Netflix International B.V, Apple, Facebook, Yandex, Huawei boshqalar shular jumlasidan.

Joriy yil sentyabr oyi holatiga Facebook 7,6 mlrd so‘m, Google Commerce Limited – 4,6 mlrd so‘m, Apple – 2,2 mlrd so‘m, Netflix – 331 mln so‘m va Yandex – 256 mln so‘m soliq to‘ladi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

«Elektron xizmatlar deganda dasturiy ta'minotdan foydalanish, shu jumladan, Internet tarmog‘i orqali o‘yinlar, elektron kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari, musiqa asarlari va boshqalardan foydalanish huquqini berish tushuniladi.

Soliq kodeksida 2020 yil 1 yanvardan boshlab ro‘yxatga olishning yangi tartibi belgilangan.

Internet kompaniyalari ro‘yxatdan o‘tishi uchun qulaylik yaratish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan QQS-ofis ishga tushirilgan» – deyiladi DSQ xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: